Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat yana keskinlashib, Eron, AQSh va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat yangi bosqichga o‘tmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 may kuni Eron Hormuz orqali o‘tayotgan Amerika harbiy kemalari va savdo sudnalariga hujum qilishga uringan. Shuningdek, BAA hududidagi energetika ob’ektlariga ham zarbalar berilgan.
Bu holat ortidan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu shoshilinch maslahatlashuvlar o‘tkazib, keng ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlash ehtimolini muhokama qildi.
Eron tomoni esa Vashingtonni sulhni buzishda ayblab, vaziyat uchun AQShni mas’ul deb hisoblamoqda. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof AQSh harakatlari mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh va Isroil kemalarining harakatlariga qarshi choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
BAA TIV Eronning hujumlarini qoralab, javob choralari ko‘rish huquqini saqlab qolishini ta’kidladi.
Vashington esa vaziyatni kuch bilan emas, nazorat bilan ushlab turishga harakat qilayotganini bildirmoqda. Donald Tramp Eronni ogohlantirib, har qanday hujumga keskin javob bo‘lishini aytdi.
Mutaxassislar fikricha, Hormuz bo‘g‘ozidagi bu keskinlik nafaqat mintaqaviy, balki global energetika bozori va xavfsizlik tizimiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.