Yakshanba kuni Hindiston janubidagi Andxra-Pradesh shtatidagi petarda fabrikasida yuz bergan portlash oqibatida kamida sakkiz ishchi halok bo‘ldi, yetti nafari jarohatlandi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar berdi.
Mahalliy polisiyaning ma’lum qilishicha, voqea Andxra-Pradesh shtatining ma’muriy markazi Amaravati shahridan 303 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Anakapalli tumanidagi Kaylasapatnam qishlog‘ida sodir bo‘lgan.
Jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazilgan.
Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, portlash fabrikaning portlovchi moddalar saqlanadigan omborida sodir bo‘lgan va yong‘in tezda butun bino bo‘ylab tarqalib, bir necha ishchining qochishiga to‘sqinlik qilgan. Hodisa vaqtida fabrikada 15 kishi ishlagan.
O‘t o‘chirish bo‘limi vakili Niranjan Reddining so‘zlariga ko‘ra, portlash va undan keyingi yong‘inning ehtimoliy sababi ishlab chiqarish jarayonida inson xatosi bo‘lgan.