Fransiyaning "Forbidden Stories" notijorat tashkiloti rahbarligida o‘tkazilgan qo‘shma tergov natijasiga ko‘ra, rossiyalik rasmiylar ukrainalik jurnalist Viktoriya Roshinaning jasadini Ukrainaga qaytarishdan avval, uning ko‘zlari, miyasi va boshqa bir necha ichki a’zolarini olib tashlashgan. Roshina 2023 yil sentyabr oyida Rossiya asirligida halok bo‘lgan, u birinchi marta 2023 yil avgustda Rossiya tomonidan bosib olingan hududda ushlangan edi.
Jurnalistlar bilan suhbatda ukrain huquqni muhofaza qilish organlari va sud-tibbiyot mutaxassislari quyidagilarni ma’lum qilishdi:
Viktoriya Roshina 2023 yil avgust oyida g‘oyib bo‘lgan. Rossiya hukumati uni qo‘lga olganini faqat 2024 yil may oyida tan olgan.
2024 yil oktyabrda Rossiya Mudofaa vazirligi Roshinaning otasiga maktub yo‘llab, uning 2023 yil 19 sentyabrda vafot etganini bildirgan.
2025 yil 24 aprelda Ukraina rasmiylari uning jasadi qaytarilganini e’lon qilishdi.
Tergovga yaqin manbaning ma’lum qilishicha, Roshinaning ko‘zlari, miyasi va ovoz nayining bir qismi olib tashlangan. Shuningdek, bo‘yin qismida joylashgan hyoid suyagi (ovoz nayi ostidagi suyak) sindirilgan.
Sud-tibbiyot ekspertining ta’kidlashicha, bu a’zolarni olib tashlash ehtimolan qiynoq izlarini yashirish maqsadida qilingan. Ekspert shunday deydi:
“Autopsiya paytida ovoz nayini olib tashlash normal amaliyot emas. U strangulyatsiya (bo‘g‘ish) holatlarida muhim dalil bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda ko‘pincha hyoid suyagi singan bo‘ladi. Ko‘z to‘qimalarida qon yig‘ilishi va miyada kislorod yetishmasligi izlari ham aniqlanishi mumkin.”
Ukraina urush jinoyatlarini tergov qiluvchi mutaxassis Yuriy Belousovning aytishicha, Roshinaning jasadida boshqa qiynoq alomatlari ham bo‘lgan: tanada tirnalishlar va ko‘karishlar, singan qaburg‘a, bo‘yin jarohatlari va oyoqlarda elektroshokdan qolgan ehtimoliy yonib ketish izlari.
Hozircha o‘limning aniq sababi aniqlanmagan.
Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi manbaning ma’lum qilishicha, Rossiya tomonidan qaytarilgan tutqunlar jasadida ichki a’zolar yetishmasligi holati avval ham kuzatilgan. Rossiyaliklar buni “autopsiya protokoli” deb izohlashsa-da, bu amalda qiynoq va zo‘ravonlik izlarini yashirishga xizmat qilishi mumkin.
2025 yil mart oyida ukrain jurnalistlari “Vikaning oxirgi topshirig‘i” nomli hujjatli filmni namoyish qilishdi. Unda Roshinaning Rossiya qamoqxonasidagi sobiq kameradoshi uning so‘nggi oylarda boshidan kechirgan shafqatsiz qiynoqlar va insonga xos bo‘lmagan sharoitlar haqida so‘zlab bergan.