Hindiston Xitoydan keyin Rossiyaga ikki maqsadli texnologiyalarning ikkinchi yirik yetkazib beruvchisiga aylandi. Bu haqda Amerika va Yevropa amaldorlariga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Qayd etilishicha, Hindiston Rossiyaning eksport qilishi cheklangan tovarlarni — mikrochiplar, mikrosxemalar va stanoklar yetkazib bermoqda. 2024 yilning aprel va may oylarida ushbu mahsulotlar eksporti 60 million dollardan oshgan — bu joriy yilning oldingi oylariga nisbatan taxminan ikki barobarga yuqori. Iyulda eksport 95 million dollargacha yetgan bo‘lib, undan faqat Xitoy oldinda.
Bu boradagi ko‘rsatkichlarning oshishiga Hindistonga neft sotish orqali Rossiyada to‘planib qolgan ulkan miqdordagi rupiy zaxirasi sabab bo‘lgan.
Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, eksport to‘g‘risidagi ma’lumotlar Rossiya tomonidan harbiy-sanoat majmualarida foydalanilayotgan texnologiyalarning qariyb beshdan bir qismi Hindiston orqali kirib kelayotganini bildiradi.
Ushbu masalani ko‘tarayotgan Ukraina vakillari hindistonlik hamkasblaridan deyarli hech qanday javob olmagan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi holatga izoh berishdan bosh tortgan.