Hindiston Kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISPRO) hozirda Pragyan Oy roveri bilan bog‘lana olmayotganini ma’lum qildi, deb yozmoqda BBC.
Avgust oyida Oyga qo‘ngan Pragyan roveri ikki hafta davomida ma’lumotlar va tasvirlarni yig‘di. Qariyb 15 Yer kuni davom etadigan Oy kechasi boshlanishi bilan Pragyan “uyqu rejimiga” o‘tkazildi.
22 sentyabr kuni quyosh chiqib, lunoxod akkumulyatorlari qayta zaryadlanganidan so‘ng modullar faol rejimga qaytishi kutilgan edi.
Ammo Oy kechasidagi qattiq sovuq batareyalarga zarar yetkazgan bo‘lishi ehtimoli bor. Shu sababli Pragyan bilan aloqa uzilib qolgan.
ISPRO aloqani tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.