Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Hech qayerda ishlamaslik aliment to‘lamaslikka sabab bo‘la oladimi?

A A A
Hech qayerda ishlamaslik aliment to‘lamaslikka sabab bo‘la oladimi?

— Bir nafar farzandim bilan turmushimdan ajrashganman. Bolamning otasi alimentdan 12,5 million qarz. Hech qayerda rasman ishlamaydi. Alimentni vaqtida to‘lmagani uchun ikki marta qamalib chiqdi. Endi o‘sha qarzni qaynonam bo‘lib to‘layapti. Alimentdagi qarzini to‘liq to‘lashini talab qilsam bo‘ladimi? Buning uchun qayerga murojaat qilay? Qanday hujjatlar talab etiladi? Sobiq turmush o‘rtog‘imning hech qayerda ishlamasligi aliment to‘lamasligiga sabab bo‘loladimi?
Ismi sir tutildi

Jasurbek MAMAYUSUPOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan otadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan, aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Oila kodeksining 116-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Aliment to‘layotgan shaxsning bunday javobgarlikka tortilishi uni aliment majburiyatidan ozod qilmaydi.
Aliment qarzi aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi yoki boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va boshqa daromadi yetarli bo‘lmaganda, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘idan, tijorat va tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o‘tkazilgan pul mablag‘idan undiriladi. Mulk huquqining o‘tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning qonun bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.
Undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobvaraqlaridagi pul mablag‘iga va uning boshqa mol-mulkiga qonunchilikda belgilangan tartibda qaratiladi.
Siz ayni paytda o‘zingiz yoki javobgar, ya’ni sobiq turmush o‘rtog‘ingiz yashab turgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish huquqiga egasiz. Mazkur turdagi da’vo arizasiga aliment undirish haqidagi sud hujjati nusxasi, tegishli majburiy ijro byurosining aliment qarzdorlikni hisoblash haqidagi qarori, bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi, pochta xarajati to‘langanligi haqida hujjat kabilar ilova qilinishi lozim bo‘ladi.
Aliment to‘layotgan shaxsning hech qayerda ishlamasligi uni aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi. Shuningdek, aliment to‘layotgan shaxsning undirilayotgan alimentdan qarzi borligi holati uni joriy davr uchun aliment to‘lashdan ozod qilmaydi. Bu masalada tegishli tuman majburiy ijro byurosiga murojaat qilish huquqiga egasiz.

Kiritildi: 12:37 13.02.2023. O'qildi: 2914 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!