Suhayb Rumiy roziyallohu anhuning ajdodlari Islomdan ancha oldin Iroq tomonlarga ko‘chib ketgan arablardan bo‘lgan. U kishining otasi Sinan Ubulla nomli joyga Fors hukmdori Kisro tomonidan voliy etib tayinlangan. Yosh Suhayb nozu ne’matga ko‘milgan holda o‘sib borar edi.
Birdan rumliklar bostirib kelib qoldilar. Ular diyorni taladilar va kishilarni asirga oldilar. Asirlar orasida kichik Suhayb ibn Sinan ham bor edi. Rum diyorida Sinan qul savdosi bilan shug‘ullanadigan savdogarlar qo‘liga tushdi. O‘sha yerda u rumliklarning tilini va urf odatlarini o‘zlashtirdi.
Quldorlar tomonidan qo‘lma-qo‘l sotila-sotila Suhayb ibn Sinan oxiri Makkaga kelib qoldi. Uni Makka ahlidan bo‘lgan Abdulloh ibn Jad’on sotib oldi.
Suhayb ibn Sinan o‘ta aqlli, farosatli va epchil edi. Uni xojasi Abdulloh ibn Jad’on yaxshi ko‘rib qoldi. Ularning orasidagi aloqa rivojlana borib, oxiri Abdulloh ibn Jad’on Suhayb ibn Sinanni qullikdan ozod qildi va o‘zi bilan tijorat qilishga sharoit yaratib berdi.
Suhayb ibn Sinan Ammor ibn Yasir bilan do‘st edi. Ular tez-tez uchrashib turar edilar. O‘sha uchrashuvlaridan biri haqida Ammor ibn Yasir roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Dorul Arqamning eshigi oldida Suhayb ibn Sinanni uchratib qoldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichkarida edilar. Men unga:
«Nima qilmoqchisan?» deb so‘radim
«Sen nima qilmoqchisan?» dedi u.
«Muhammadning huzuriga kirmoqchi va uning aytadiganlariga quloq solmoqchiman», dedim.
«Men ham shundoq qilmoqchiman», dedi.
Bas, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdik. U zot bizga Islomni arz qildilar. Biz musulmon bo‘ldik. So‘ngra biz yashiringan holimizda chiqdik».
Ko‘rinib turibdiki, Suhayb Rumiy roziyallohu anhu Islom tongi endi yorisha bolagan vaqtda dastlabkilardan bo‘lib iymonga kelganlar. Manashunin o‘zi u kishi uchun misli yo‘q fazldir.
Imom Faxriddin Roziy rivoyat qiladilar: Suhayb Rumiy Madinai Munavvaraga hijrat qilib jo‘naganida, Quraysh mushriklaridan bir guruhi u kishini qaytarmoqchi bo‘lib ortidan boribdi. Shunda u kishi ulovidan tushib, o‘qdonidagi o‘qlarni tizib qo‘yib, kamonni qo‘llariga olibdi-da:
«Ey quraysh ahli, mening ichingizda eng merganlardan biri ekanimni yaxshi bilasizlar-a?! Allohga qasamki, o‘qdondagi o‘q tugamaguncha, bittangiz ham menga yaqinlasha olmaysiz! So‘ngra qilichim bilan, qo‘limda qanchasi qolsa, shunchasi bilan chopaman. Keyin nimani istasangiz, qilaverasiz!» – dedi.
«Sen bizning yurtimizga kelganingda hech narsang yo‘q gado eding, hozir esa ko‘plab mol-dunyoga ega bo‘lding», – dedilar.
«Molimning qayerdaligini aytib bersam, o‘z yo‘limda ketaveramanmi?» dedi Suhayb.
Ular, ha, degan edilar, u moli Makkaning qayerida ekanini aytib berdi.
Bu xabar Payg‘ambar alayhissalomga yetganda:
«Savdo foyda keltirdi, ey Suhayb! Savdo foyda keltirdi, ey Suhayb!»dedilar.
Bir oz turib Alloh: «Va odamlardan Allohning roziligini tilab jonini sotadiganlari bor», degan oyati karima nozil bo‘ldi».
Madinaga ming mashaqqatda yetib keldi. Rasululloh (s.a.v.) hazrat Umar va hazrat Abu Bakr (r.a.) bilan birgalikda Kulsum ibn Xadmning uyida mehmon edilar. Suhayb nihoyatda chanqagan, ochiqqan, buning ustiga bir ko‘zi og‘riyotgandi. U Rasululloh (s.a.v.) o‘tirgan joyga kirib so‘rashdi va dasturxondagi xurmodan yeya boshladi.
Hazrat Umar Rasululloh (s.a.v.)ga: “Ko‘zi og‘riyapti-yu, xurmo yeyishini qarang”, dedilar.
Rasululloh (s.a.v.) Suhaybga yuzlandilar:
– Ko‘zing og‘riyapti, sen esa xurmo yeyapsan...
– Yo Rasululloh (s.a.v.), ko‘zlarimning biri sog‘, o‘shaning haqini yeyapman.
Uning javobidan barchaning yuziga tabassum yugurdi.
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga qarshi fitnachilar tomonidan suiqasd uyushtirilganda eng qattiq qayg‘urganlardan biri Suhayb Rumiy roziyallohu anhu bo‘lganlar.
Ubaydulloh ibn Umar roziyallohu anhu ko‘chaga chiqib, otamning qonida kimning aybi bo‘lsa hammasini o‘ldiraman, deb e’lon qildi.
O‘sha paytda Suhayb Rumiy roziyallohu anhu Madinaning voliysi edilar. U kishi Ubaydullohni ushlab qamashga amr qildilar. Uni ushlab Sa’d ibn Abu Vaqqosning uyiga qamab qo‘yildi. Unga qo‘riqchilar qo‘yildi. Ubaydullohning ishi bo‘yicha xalifa saylangandan keyin o‘sha odam o‘z hukm chiqarishi kerak edi.