NATO'ning yadroviy tiyib turish bo‘yicha harbiy mashg‘ulotlarida AQSh va Germaniya qiruvchi samolyotlari ham qatnashad, deb xabar bermoqda DW.
NATO harbiy shtabi vakilining ma’lum qilishicha, Bundesver 13 oktyabrda Niderlandiyada boshlanadigan Steadfast Noon mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Qo‘shma Shtatlarning yadro bombalarini tashishga maxsus moslashtirilgan uchta Tornado samolyotini va to‘rtta Eurofighter qiruvchisini taqdim etgan.
"Umuman olganda, bu mashg‘ulotlarda alyansning 14 mamlakatidan 2000 ga yaqin harbiy xizmatchi va 70 dan ortiq samolyot qatnashadi. Ular orasida Qo‘shma Shtatlarning F-35 qiruvchilari ham bo‘ladi", deya yozmoqda DW.
"Mashg‘ulotlar bevosita Rossiyaning so‘nggi harakatlari bilan bog‘liq emas. Bu bizning yadroviy tiyib turish salohiyatimiz ishonchli, xavfsiz va samarali bo‘lib qolayotganini ta’minlashga yordam beradi. Shuningdek, Steadfast Noon mashg‘ulotlari har qanday potensial dushmanga biz barcha ittifoqdoshlarimizni istalgan tahdiddan himoya qila olishimiz to‘g‘risida aniq signal yuboradi", — dedi NATO bosh kotibi Mark Ryutte.