Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Haqni bilish yo‘lida hayo qilmasligimga ijozat bering?

Haqni bilish yo‘lida hayo qilmasligimga ijozat bering?

Ummu Salama onamiz roziyallohu anho o‘ta zehnli, oqila va ilmga o‘ch bo‘lganlaridan doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan turli masalalarni so‘rashdan zerikmas edilar. U kishining savollari o‘rinli va muhim bo‘lar edi. Ayniqsa, Ummu Salama onamiz roziyallohu anho ko‘proq savollarni ayollar nuqtai nazaridan berar edilar. U kishining bergan savollari shariatga bir qancha yengillik hukmlari kirib qolishiga ham sabab bo‘lgan. O‘sha savollardan va ularga berilgan javoblardan ba’zilarini eslab o‘taylik.

Imom Abu Dovud va Hokim Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: 

«Men oyog‘imga tilla xalxal taqar edim. 

«Ey Allohning Rasuli, u jamg‘armami?» dedim.

«Zakoti ado qilinishga yetgan narsaning zakoti berilsa, jamg‘arma bo‘lmaydi», dedilar u zot». 

Bu rivoyatdan ulamolarimiz «Taqinchoqlarning nisobga yetganidan zakot berilishi kerak», degan hukmni olganlar.

Buxoriy, Muslim va Abu Dovudlar Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: 

«Ummu Sulaym Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: 

«Ey Allohning Rasuli, albatta, Alloh haqdan hayo qilmaydi. Ayol kishi ehtilom bo‘lsa, g‘usl qiladimi?» dedi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 

«Ha, vaqtiki suvni ko‘rsa», dedilar. 

Bas, Ummu Salama: 

«Ey Allohning Rasuli, ayol kishi ham ehtilom bo‘ladimi?» dedi. 

U zot:

«Qo‘lginang qurisin, bo‘lmasa, bolasi unga nimadan o‘xshar edi», dedilar». 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan savol so‘rab kelgan sahobiya ayol Ummu Sulaym Anas ibn Molik roziyallohu anhuning onalari bo‘ladi. U kishi Ummu Sulaym kunyasi bilan mashhur bo‘lganlar. 

«Ehtilom» degani «uyquda jinsiy yaqinlikni ko‘rmoq», «uyquda bulg‘anmoq» deganidir.

Ummu Sulaym roziyallohu anho odatda ayol kishi erkak kishidan so‘rashga hayo qiladigan savolni so‘rashdan oldin: 

«Ey Allohning Rasuli, albatta, Alloh haqdan hayo qilmaydi», dedilar. Bu «Shuning uchun men ham hayo qilmay, bir haq narsani so‘ramoqchiman. Men so‘raydigan savol aslida hayo qilish lozim bo‘lgan narsa. Lekin haqni bilish yo‘lida hayo qilmasligimga ijozat bering», deganlaridir.

Mazkur muqaddimadan keyin Ummu Sulaym roziyallohu anho bevosita savolga o‘tib: 

«Ayol kishi ehtilom bo‘lsa, g‘usl qiladimi?» dedi.

Ummu Sulaym roziyallohu anhoning savollariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: 

«Ha, vaqtiki suvni ko‘rsa», deb javob berdilar. 

Ya’ni xotin kishi tushida jinsiy aloqani ko‘rsa-yu, keyin maniyni ko‘rsa yoki sezsa, unga g‘usl vojib bo‘ladi. Ammo tushida jinsiy aloqani ko‘rsa-yu, kiyimida, badanida maniy ko‘rmasa, boshqa bir alomatni sezmasa, g‘usl qilmaydi. Bu hukm erkak kishiga ham tegishli. Aksincha, tushida hech narsani ko‘rmasa ham maniyni ko‘rsa, g‘usl qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Ummu Sulaym roziyallohu anhoning oralarida bo‘lib o‘tayotgan bu savol-javobni eshitib turgan Ummu Salama onamiz ham uyaldilar (boshqa rivoyatda «Ummu Salama yuzini berkitib oldi», deyilgan), ham ajablandilar. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga savol berib:

«Ey Allohning Rasuli, ayol kishi ham ehtilom bo‘ladimi?» dedilar. 

Ummu Salama onamizning bu savollaridan ba’zi ayollarning ehtilom bo‘lmasliklari kelib chiqadi. Bo‘lmasa, u kishi bu savolni bermas edilar. Ummu Salama onamizning bu savollariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: 

«Qo‘lginang qurisin, bo‘lmasa, bolasi unga nimadan o‘xshar edi», deb javob berdilar.

Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: 

«Men: «Ey Allohning Rasuli, men sochimni mustahkam qilib o‘radigan ayolman. Junublik g‘usli uchun uni yoyishim kerakmi?» dedim.

«Yo‘q, sen uchun boshing ustidan uch hovuch suv quymog‘ing kifoya qilur. So‘ngra ustingdan suv quyasan. Bas, pok bo‘lursan», dedilar». 

Ushbu hadisi sharifda ayol kishining g‘usliga tegishli muhim bir masala muolaja qilinmoqda. U ham bo‘lsa, o‘rilgan soch masalasi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Ummu Salama onamiz oralarida bo‘lib o‘tgan savol-javobdan sochi o‘rilgan ayol kishi junublikdan g‘usl qilganda o‘rilgan sochlarini yoymasa ham joizligi kelib chiqmoqda. Faqat u sochining ostiga yaxshilab suv yetkazib turib, g‘usl qilaveradi. Sochni har safar yoyib, yana o‘rish mashaqqatidan ayollarga yengillik berish uchun shariatimizda shunday qilishga ruxsat etilgan. Boshga yaxshilab suv yetkazish bilan g‘usldan ko‘zlangan murod hosil bo‘ladi. O‘stirilgan sochning hamma qismiga suv tegishi shart emas.

Termiziy, Nasaiy va Ibn Mojalar Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Kim manmanlik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas», dedilar. 

Shunda Ummu Salama:

«Ayollar etaklarini qanday qiladilar?» dedi.

«Bir qarich tushirib oladilar», dedilar u zot.

«Unday bo‘lsa, oyoqlari ochilib qoladi», dedi u.

«Bir ziro’ tushirib oladilar, undan ziyoda emas», dedilar u zot».

«Ziro’» – o‘rtacha ikki qarich uzunligidagi o‘lchov birligi.

Musulmonlar manmanlik ila kiyimlarini osiltirib, yerga sudrab yurishdan qaytarilgan. Bu amr ham erkaklar, ham ayollar uchun ekan. Ammo ayollarga satr (avratni to‘sish) ishi qattiq ta’kidlangani uchun mazkur hukmda ularga xos chegara belgilangan. Ushbu ayollar uchun xos hukmning shariatga kiritilishiga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalaridan Ummu Salama onamiz sababchi bo‘lganlar.

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Kim manmanlik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas», dedilar». 

Bu jumlada bayon etilayotgan jazo og‘irdir. Qiyomat kuni Alloh taoloning nazaridan benasib qolish, deganidir. 

Ummu Salama onamiz ayollik hislari bilan ayollarning g‘amini qildilar. Ular etaklari uzun ko‘ylak kiyishlari shartligini o‘ylab, «U holda hozir aytilgan gaplar nima bo‘ladi?» degan xayolga borib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga:

«Ayollar etaklarini qanday qiladilar?» deb savol berdilar. Ularning etaklari uzun, shunday bo‘lishi kerak ham. Agar manmanlik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmasa, ayollar ham etaklarini boldirning yarmidan kesib tashlashlari kerakmi? Yoki boshqa biror yechim bormi?

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu savolga boshqa yechim borligini bildirib:

«Bir qarich tushirib oladilar», dedilar u zot».

Bu ham ayollarning to‘sinib yurishlari muhimligi uchun qilingan istisnodir. 

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:30 11.09.2019. O'qildi: 8176 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!