Izzaddin al-Qassam brigadasi nomi bilan tanilgan Falastin Xamas harakatining harbiy qanoti vakili Abu Ubaydaning aytishicha, «bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ikkita voqea»da isroillik garovga olinganlardan biri otib o‘ldirilgan, yana ikki nafari yaralangan. Bu haqda «Kommersant» Hamas Telegram kanaliga tayanib yozmoqda.
Isroil mudofaa kuchlari bu ma’lumotni hozircha tasdiqlay olmaydi.
Abu Ubaydaning so‘zlariga ko‘ra, isroillik garovga olinganlarni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan ikki qurolli shaxs ulardan birini o‘ldirgan, yana ikki nafarini og‘ir yaralagan. «Ularning hayotini saqlab qolish choralari ko‘rilmoqda, vaziyatga oydinlik kiritish uchun komissiya tuzildi, natijalar keyinroq e’lon qilinadi», deyiladi Hamas Telegram kanalida.