HAMAS Isroil armiyasining Livan janubidagi Ayn al-Hilve falastinlik qochqinlar lagerida go‘yoki HAMASning «o‘quv lageri»ni nishonga olgani haqidagi bayonotini rad etdi.
Harakatning yozma bayonotida aytilishicha, Isroilning bu da’vosi «jinoiy tajovuzni oqlashga qaratilgan yolg‘on» bo‘lib, aslida zarba lagerdagi masjid yaqinidagi sport maydonchasiga berilgan. Bu joy lager ahliga yaxshi ma’lum bo‘lib, yoshlar ko‘p to‘planadigan maskan ekani ta’kidlandi.
HAMAS o‘zining Livanda hech qanday harbiy ob’ekti yo‘qligini bildirib, 13 kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan hujumni qoraladi.
«Biz buni himoyasiz Falastin xalqi va Livan suverenitetiga qarshi qilingan vahshiyona hujum deb hisoblaymiz», — deyiladi bayonotda.
Hujjatda qayd etilishicha, Ayn al-Hilve lagerining bombardimoni — «sionistlarning G‘azo sektori va G‘arbiy sohilda falastinliklarga qarshi amalga oshirilayotgan terror hujumlari, shuningdek, Livanga nisbatan davom etayotgan tajovuzlarining mantiqiy davomi».
Isroil armiyasi avvalroq ushbu lagerda HAMASning «o‘quv bazasi» bo‘lganini da’vo qilgan va havo hujumi natijasida 13 kishi halok bo‘lgani, ko‘plab odamlar yaralanganini ma’lum qilgan edi.