O‘zining Kalomi sharifida halollikni amr qilib bergan, insonni bekorchilikdan ko‘ra yer yuzi bo‘ylab halol kasb qilishni amr etgan, mo‘min kishi shu halol kasbi bilan ham jannatga kirishi mumkinligini aytgan, chunki o‘z ahlini haromdan asrab halol yedirib-ichirsa, haloldan ulg‘aytirib ilm oldirgan ota-onaga Allohning rahmati yog‘ilib otasiga sadaqai-joriya o‘laroq qolishini madh etgan Allohga hamd-u-sanolar bo‘lsin. O‘z sunnati saniyalarida kasb-hunar qilib biz ummatlariga eng oliy o‘rnak bo‘lgan payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovat va kasb qilishni meros qoldirgan barcha payg‘ambarlarga Allohning salomi bo‘lsin.
Barcha yomon va bema’ni ishlar ham aslida bekorchilik va ishsizlikdan kelib chiqadi. Shuning uchun har bir kishi mustaqil kasb-hunar sohibi bo‘lishga harakat qilishi lozim. Kasb-hunari qaysi sohaga oid bo‘lishidan qat’iy nazar. Muqaddas dinimiz islom dini ham bu muhim jihatni e’tiborsiz qoldirmagan. O‘tgan barcha payg‘ambarlar ham o‘zlari mustaqil kasb-hunar bilan shug‘ullanib, o‘z ummatlariga halol kasb qilish borasida chiroyli namuna bo‘lishgan.
Xususan, Odam alayhissalom dehqon bo‘lganlar va shu bilan birga birinchi murabbiy xamdirlar. Nuh alayhissalom kema yasashni o‘rganganlar, Dovud alayhissalom mohir temirchi bo‘lib, mustahkam sovutlar yasaganlar, Muso alayhissalom sakson yil qo‘y boqqanlar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham payg‘ambar bo‘lmasliklaridan avval qo‘y boqqan va tijorat bilan shug‘ullanganlar.
Qur’oni Karimda halol kasb qilish haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“U (Alloh) sizlarga yerni xokisor (bo‘ysunuvchi ) qilib qo‘ygan zotdir. Bas u Yerning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Alloh) bergan rizqlardan tanovul qilingiz, (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir”.
Hadisi shariflarda ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizlarga halol kasb haqida quyidagilarni aytganlar: “Men Makkaliklarning qo‘ylarini boqar edim” Imom Buxoriy rivoyati.
“Darhaqiqat, Alloh kasb bilan shug‘ullanuvchi kishini yaxshi ko‘radi”. Imom Termiziy rivoyati.
“Shubhasiz sizlarning biringiz arqon olib, yelkasida o‘tin kesib kelishi odamlardan so‘rashidan – so‘ragan narsasini bersalar ham, bermasalar ham – yaxshiroqdir”. Imom Buxoriy rivoyati.
“Hech kim o‘z qo‘li bilan ishlab topgan taomdan ham yaxshiroq taom yemagan”. Ibn Mojja, Ahmad va Buxoriy rivoyati.
“Halol kasb farzdan keyingi farzdir”. Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati. Payg‘ambarimizning o‘zlari ham Shomga ikki bor tijorat uchun safar qilganlar. Dinimiz kasb-hunarni qadrlaydi va kishining o‘z qo‘li bilan qilgan kasbini Allohga yaqinlashtiruvchi eng afzal va sharafli amal deb hisoblaydi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ishlamaydigan odamlarni uchratib, ulardan nega ishlamaysizlar deb so‘rabdilar. Shunda ular: “Biz Allohga tavakkul qilamiz”, – deb javob beribdilar. Umar ibn Xattob ularga: “Yo‘q, yolg‘on, Allohga haqiqiy tavakkul qiluvchi kishi avval yerga don ekib qo‘yib, so‘ng Allohga tavakkul qiladi. Hech biringiz ey Alloh menga rizq ber deya, rizq izlamay o‘tirib olmasin. Holbuki osmondan na oltin va na kumush yog‘ilur” – deb aytgan edilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kambag‘allarni sadaqalarga suyanib ishlamay qo‘yishliklaridan qaytarib shunday deganlar: “Ey kambag‘allar, yaxshiliklarda musobaqalashing, musulmonlarga boqimanda bo‘lib qolmang”.
Said ibn Mansur Ibn Mas’uddan rivoyat qiladi, u kishi dedi: “Men na dunyo va na oxirat ishi bilan mashg‘ul bo‘lmagan bekorchi kishini ko‘rishni yomon ko‘raman”.
Yana xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Men bir kishini ko‘raman, u menga yoqadi, so‘ng undan hunaring bormi deb so‘rayman. Agar u yo‘q desa o‘sha kishi nazarimdan qoladi” – degan.
Demak, dinimiz kasb-hunar egallashga, jamiyatga foydasi tegadigan ish bilan shug‘ullanishga katta e’tibor bergan, bekorchilikni esa qattiq tanqid qilgan va kasb-hunar o‘rganish, ilm olishga nafaqat undagan, balki buyurgan. Bu maqsadga erishish yo‘lida ota-ona farzandiga bolaning salohiyati va qobiliyatlarini hisobga olgan holda yoshligidanoq kerakli ko‘rsatmalarni berib, ilm olishi va kasb-hunar egallashi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim.
Yoshlarni bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanib, o‘z kasbining ustasi bo‘lishlariga undash, bu ularning dini oldidagi farzi, xalqi va vatani oldidagi masuliyati ekanligini tushuntirish, bu yo‘lda ularga yordam berish shart. Shundagina ular egallagan o‘z bilim, hunar, ko‘nikma va mutaxassisliklari asosida chet ellarda ish izlab turli yolg‘on yo‘llarga kirmay, balki o‘z xalqining ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan, vatani, oldidagi o‘z burchini his qila oladigan yurtimizning porloq kelajagi o‘z qo‘lida bo‘ladigan haqiqiy yoshlar bo‘lib ulg‘ayadilar.
Zafar Mahmudov
Manba: Islaminstitut.uz