Bugun 2 fevral, 2026 yil, dushanba

КИР

Hafta davomida beqaror ob-havo kuzatiladi

Hafta davomida beqaror ob-havo kuzatiladi

Gidrometeorologiya xizmati markazi xabariga ko‘ra, joriy hafta davomida mamlakatimiz hududiga Turkmaniston orqali nam havo massalari kirib kelishi hisobiga beqaror ob-havo sharoiti hukm suradi.

Bugun respublika bo‘ylab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ochiq havo bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi harorat 11-16 daraja iliqni tashkil etsa, shimoliy hududlarda 3-8 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Haftaning o‘rtalariga qadar iliq havo oqimi saqlanib qoladi: kechalari 5-10 daraja, kunduz kunlari esa 13-18 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Biroq tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaziyat birmuncha murakkab bo‘lib, 2-3 fevral kunlari vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi va qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Faqatgina 4 fevral kuni respublika bo‘yicha qisqa muddatli yog‘ingarchiliksiz tanaffus bo‘lishi kutilmoqda.

Hafta oxiriga kelib ob-havo keskin o‘zgaradi. Juma, 6 fevral kunidan boshlab Qozog‘iston hududidan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda.

Harorat foni sezilarli darajada pasayib, kunduzi ham, kechasi ham 1-6 daraja iliqni tashkil etadi. Shimoliy hududlarda esa qish nafasi yanada kuchayib, harorat kechasi 12 darajagacha, kunduzi esa 5 darajagacha sovuq bo‘lishi mumkin.

Poytaxt Toshkentda ham hafta davomida o‘zgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Bugun vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, shamol tezligi 15 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Juma kuniga borib yomg‘ir qorga aylanishi va haroratning 1-6 daraja iliqqacha tushib ketishi kutilmoqda. Shuningdek, hafta davomida respublikaning ba’zi joylariga tuman tushishi ehtimoli bor.

Kiritildi: Bugun 13:15. O'qildi: 302 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!