Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Go‘sht narxi atrofidagi shov-shuvlar va haqiqatlar

Go‘sht narxi atrofidagi shov-shuvlar va haqiqatlar

Bugun eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu — bu go‘sht bahosi bo‘lib turibdi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlarida mol go‘shtining kilosi 60 ming so‘mga ko‘tarilib ketgani haqida axborot tarqalgach, uning atrofida turli fikrlar aylana boshladi.

Biroq ushbu raqam bilan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi bozorlardagi narx-navoni o‘rgangan holda, taqdim etgan ma’lumotlardagi ko‘rsatkich o‘rtasidagi tafovut ancha katta ekanligi har qanday kishini hayron qoldiradi. Negaki, 2019 yil 7 iyul holatiga ko‘ra, mol go‘shti 28 000 so‘mdan 42 000 so‘mgacha, qo‘y go‘shti esa 32 000 so‘mdan 45 000 so‘mgacha sotilgani ma’lum qilingandi.

Vaziyatni o‘rganish, real holat bilan yaqindan tanishish maqsadida “Eski juva dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati tomon yo‘l oldik.

Saraton issig‘i zabtiga olgan bo‘lsa-da, bozorda har doimgiday hayot qaynamoqda. Odam gavjum. Go‘sht rastalari oldi ham. Xaridorlarni gapga solamiz.

— Mol go‘shtini 34 ming so‘mdan oldim, — deydi o‘zini Abdulla Ashrafxonov deb tanishtirgan otaxon. — O‘zining kichkina suyagini aytmasa, suyak ham qo‘shib bergani yo‘q. Go‘sht suyaksiz bo‘lmaydi-da!

Har doim shu bozordan savdo qiladigan bu xaridor go‘sht narxining oshganini sezmaganini aytadi. Bu gapni go‘sht xarid qilayotgan keksa pedagog Tursinoy Mirhamidova, olmazorlik pensioner Erkin Ikromov ham tasdiqladi. Yunusobodlik Zuhra Ashrapovaesa narx-navo bundanam arzon bo‘lishini xohlashini aytadi.

Savdo rastalarida mol go‘shtining bir kilogrammi 34-39 ming so‘m ekanligi yozib qo‘yilibdi. Shu narxda sotilayotganiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Unda 60 ming so‘mlik narx qayerdan paydo bo‘ldi?

— Kuniga o‘rtacha 100 kilo go‘sht sotaman, lekin hali 60 ming so‘mga chiqqani yo‘q, — deydi qassob Mira’zam Ishoqov. — Eng baland sotganim 42-43 ming bo‘lgan. Bugundan 39 ming so‘mdan sotyapman.

Narxning 3-4 ming so‘mga pastlashi tadbirkorga zarar emasmi? Go‘sht bahosi arzonlashishiga nima ta’sir qildi? Shu savollarga javob olish uchun go‘sht yetkazib beruvchi tadbirkor — “Turkiston chorva xo‘jaligi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muzaffar Musamuhamedovni suhbatga tortamiz.

— Faoliyatimiz bo‘rdoqichilikka ixtisoslashtirilgan bo‘lib, ayni paytda 100 bosh buqa boqyapmiz, — deydi u. — Ammo ular bilan buyurtmalarni to‘liq ta’minlash olmaymiz. Shuning uchun importni yo‘lga qo‘yganmiz. Qozog‘istondan kuniga o‘rtacha 60 bosh qoramol olib kelib, so‘yib sotamiz. Ularning har biri 250 kilogrammdan go‘sht qiladi. Ilgari 42-43 ming so‘mdan sotgan bo‘lsak, hozir 39 ming so‘mdan sotib, ziyon qilayotganimiz yo‘q. Har bir kilogrammidan o‘rtacha ming so‘mdan sof foyda olyapmiz. Bozor ma’muriyati tomonidan tekinga joy va sovitkich, davlat tomonidan soliq imtiyozlari berilgani tufayli daromadimiz ko‘paymoqda. Shuning uchun Chilonzor bozorigayam bitta savdo nuqtasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.

Qiziq, xaridor ham, sotuvchi va yetkazib beruvchi ham go‘sht narxining oshganini birdek inkor qilyapti. Unda ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralar shunchaki havoyi gapmi?

Suhbatdoshimizning izoh berishicha, 60 ming so‘mlik go‘sht yo‘q emas, bor. U bitta buqadan atigi 2 kilogramm chiqadi, xolos. Biqin atrofiga bu go‘sht, asosan, steyk va maxsus kabob uchun olinadi. Aholi uy-ro‘zg‘ori uchun ishlatmaydi. “Ana shu arzimagan miqdordagi go‘sht bahosi o‘rtacha narxga u qadar ta’sir qilmaydi va shov-shuv ko‘tarishga arzimaydi”, deya qo‘shimcha qiladi tadbirkor.

“Eski juva dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati bosh mutaxassisi Avaz Yunusovning aytishicha, bozorda kuniga o‘rtacha 12-20 tonna go‘sht sotiladi. Narx-navoning oshib ketmasligining oldini olish, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, viloyatdan kelgan qassoblarga go‘sht mahsulotlarini emin-erkin sotish uchun Toshkent shahrida 150 ta qo‘shimcha go‘sht rastasi tashkil etilgan. Shundan 20 tasi “Eski juva dehqon bozori” hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda ularning 18 tasi go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlangan.

— Internet saytlarida go‘sht narxi bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotlarni haqqoniy, deb hisoblamaymiz, — deydi “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ziyadulla Pirnazarov. — Biz Toshkent shahridagi bozorlarni monitoring qilganimizda, o‘rtacha narx 34-40 ming so‘m atrofida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Hozir ham shunday. Oradagi 20 ming so‘mlik farq haqiqatdan ancha yiroq.

Bozor iqtisodiyotida narx-navo talab va taklif asosida shakllanadi. Shuning uchun zimmamizga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, chorvachilikni rivojlantirish, go‘sht narxi oshishiga ta’sir qiluvchi faktorlarni kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘ryapmiz. Bunda asosiy e’tibor kuchli ozuqa va yem mahsulotlarini maqbul narxlarda yetkazib berishga qaratilgan.

Darhaqiqat, bo‘rdoqichilikda ozuqaning o‘rni g‘oyatda katta. Chunki bir kilogramm go‘sht narxining qariyb 65 foizini yem xarajatlari tashkil etarkan. Biroq keyingi paytda paxta shroti birja savdolariga 1918 so‘m boshlang‘ich baho bilan qo‘yilib, narxining 15 foiz oshgan holda, sotilsa, do‘kondan to chorvador qo‘liga yetib borgunicha 145 foizgacha, omixta yem esa 136 foizgacha oshib ketayotgan ekan. Agar mamlakatimiz mavjud chorva mollarining 94 foizi aholi va dehqon xo‘jaliklari tasarrufida ekanligini inobatga olsak, bitta buqa boqish xonadon byudjetidan ancha-muncha xarajat talab qilishi oydinlashadi.

Shuning uchun ayni paytda bo‘rdoqichilikni rivojlantirish maqsadida qabul qilingan uch yillik dastur asosida 240 ta majmua tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, shu yilning o‘zida 107 ta bo‘rdoqichilik majmuasi foydalanishga topshirilishi, buning evaziga 7 ming tonna qo‘shimcha go‘sht yetishtirishga erishilishi kutilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish hisobiga beda maydonlarini kengaytirish tadbirlari ko‘rilmoqda. Masalan, hozirgi paytda 230 ming gektarga takroriy ekin sifatida makkajo‘xori ekish ishlari yakunlanayotgan bo‘lsa, kuzda 105 ming gektar oraliq ekinlar ekish rejalashtirilgan. Bularning bari go‘sht narxini arzonlashishiga xizmat qiladi, albatta.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Respublika aholisining go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda faqat mol va qo‘sh go‘shtiga tayanib qolinmasligi kerak. Yer va suv resurslari, yaylovlar cheklangan sharoitda qoramolchilik nisbatan katta xarajat talab etishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shuning uchun sohada noan’anaviy yo‘nalishlarni rivojlantirish orqali mahsulotlar turini ko‘paytirish, tannarxini esa arzonlashtirish mumkin. Bunda kurkachilik, quyonchilik, o‘rdak va g‘ozchilik, baliqchilik kabi tarmoqlar qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga keltirib, oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, go‘shtning narxi aholiga maqbul darajada bo‘lishiga erishishda qo‘l keladi.

Said RAHMONOV, “Xalq so‘zi”.

Kiritildi: 23:00 12.07.2019. O'qildi: 5091 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!