Yakshanba kuni Gonkong polisiyasi mamlakatda rekord darajada ko‘p - 700 kilo kokain moddasini musodara qilganini e’lon qildi. Rasmiylarning aytishicha, ushbu giyohvand modda mamlakat hududiga tezyurar qayiqlarda olib kirilgan.
Ushbu holat Gongkongda so‘nggi o‘n yil ichida giyohvand moddalar bilan bog‘liq fosh etilgan eng katta jinoyat bo‘lib, qo‘lga olingan kokainning qiymati Gongkong valyutasida 930 millionni (119, 6 million AQSh dollari) tashkil qiladi.
Polisiyaning ta’kidlashicha, mazkur operasiya 2 aprel kuni amalga oshirilgan bo‘lib, polisiya xodimlari Fo Tan nomli sanoat okrugida karton qutilarga yashirilgan kokainni olib ketayotgan odamni hibsga olgan. Keyinchalik shu okrugdagi sanoat binosi va xonadonlardan biridan ham giyohvand modda topilgan hamda 19 va 25 yoshli ikki erkak hibsga olingan.
«Biz ishonamizki, giyohvand moddalar Janubiy Amerikadan Gongkong yaqiniga olib kelingan. Keyin esa ular qayiqlar tomonidan mamlakat ichiga kontrabanda qilingan» dedi polisiya xodimi Ng Kvok-cheung jurnalistlarga.
Gonkongda giyohvand moddalarning bundan oldingi eng ko‘p miqdorda fosh etilgani 2012 yilda yuz bergan bo‘lib, o‘shanda mamlakat bojxonasi tomonidan 649 kilogramm miqdoridagi giyohvand moddalar musodara qilingan.