Homiladorlik – bo‘lg‘usi ona hayotidagi eng qiyin davrlardan biri. Sababi bu paytda ayol organizmida fiziologik o‘zgarishlar bilan birga, go‘dakning sog‘lom tug‘ilishiga to‘sqinlik qiluvchi turli omillar yuzaga keladi.
▶️ Xususan, bachadon baland tonusi oqibatida homilaning tushish xavfi kuzatilishi mumkin.
🖇 — Bachadon – silliq mushakli a’zo bo‘lib, uning tolalari tez-tez qisqarib turadi, — deydi Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O‘rinboyeva. — Biroq homiladorlik davrida ular qisqarmasligi, aksincha bo‘shashgan holda bo‘lishi lozim. Agar bunday holat kuzatilmasa, bachadon bo‘shlig‘ida bosim hosil bo‘lib, gipertonus yuzaga keladi.
🔬 Yuqori tonus oqibatida homilaning tushish xavfi kuzatilishi yoki tug‘uruq muddatidan oldin boshlanishi mumkin. Shu bilan birga, uzoq muddatli gipertonus og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi.
🩺 Xususan, bachadon qon tomirlarining torayishi tufayli yo‘ldoshda qon aylanishi buzilib, homilada gipoksiya (kislorod yetishmovchiligi) yoki gipotrofiya (o‘sishdan ortda qolish) holatlari kelib chiqadi.
🤰Bachadon gipertonusi ro‘y berganda qorinning pastki qismida hamda bel sohasida tortiluvchi og‘riqlar paydo bo‘lishi, qov sohasida og‘irlik sezilishi, qorin sohasiga qo‘l bilan tegilganda qattiqlashib, xuddi “tosh qotgan”dek hissiyot paydo bo‘lishi mumkin.
Ushbu holat asosan quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga keladi:
📌 endokrin buzilishlar;
📌 homila to‘qimasidagi genetik o‘zgarishlar;
📌 o‘tkir shaklda kechadigan virusli infeksiyalar (qizilcha, qizamiq, gripp);
📌 turli somatik kasalliklar (piyelonefrit, sistit, oshqozon-ichak xastaliklari);
📌 immun tizimi faoliyatidagi buzilishlar;
📌 stress va qattiq asabiylashish;
📌 chanoq bo‘shlig‘i a’zolaridagi yallig‘lanishlar va jinsiy yo‘l orqali yuqadigan xastaliklar;
📌 kuchli jismoniy zo‘riqishlar;
📌 homila hajmi yirikligi, qog‘onoq suvi ko‘pligi, toksikoz va boshqalar.
‼️ Bachadon gipertonusining o‘tkir shakli kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi bunday bemorlar shifoxonada mutaxassis nazorati ostida davolanishlari kerak.
🥗 Homiladorlik davrida toza havoda sayr qilish, xush kayfiyatda yurish, o‘z vaqtida to‘laqonlik dam olish, og‘ir jismoniy mehnatlardan tiyilish, vitamin va minerallarga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul qilish bachadon tonus oshishining oldini olishga katta yordam beradi.