Bundestag oyoqqa taqiladigan elektron bilakuzuklarni ma’qulladi, endi mamlakatda sudlar oiladagi zo‘ravonlikda aybdor deb topilgan shaxslarga ularni taqib yurish majburiyatini yuklashi mumkin.
Elektron bilakuzuk tajovuzkorning qayerda ekanligini kuzatish va agar u, masalan, jabrlanuvchining uyiga yaqinlashsa, xavf signalini berish imkonini beradi. Bu chora, birinchi navbatda, qayta zo‘ravonlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan holatlarda qo‘llaniladi. Yangi qonunga ko‘ra, Germaniya sudlari huquqbuzarlarga g‘azabni boshqarish bo‘yicha treninglardan o‘tish majburiyatini ham yuklashi mumkin. Bunday sud qarorlarini buzganlik uchun jazo choralari ham kuchaytirilmoqda: maksimal ozodlikdan mahrum qilish muddati uch yilgacha oshirildi.
Oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha Istanbul konvensiyasini amalga oshirish doirasida joriy etilmoqda. Shu bilan birga, Germaniya oiladagi zo‘ravonlikda aybdorlarni elektron bilakuzuk taqishga majburlaydigan Yevropa Ittifoqidagi birinchi davlat emas.
Germaniyada oiladagi zo‘ravonlik qurbonlarining deyarli 80 foizi — ayollardir. 2024 yilda undan 170 mingdan ortiq kishi jabrlangan. Qonun loyihasi hali Bundesrat va mamlakat prezidenti tomonidan ham ma’qullanishi kerak.