Kununu ish beruvchilar reytingi portali tahliliga ko‘ra, 2024-yilda Germaniyada o‘rtacha ish haqi 50 239 yevroni (soliqlar va ajratmalargacha) tashkil etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,1 foizga ko‘pdir.
Biroq, ishchilarning atigi 38,78 foizi bunday daromadga ega, ya’ni ish bilan band bo‘lgan 46,1 million kishidan taxminan 17,89 million kishi, deydi Kununu vakili Dario Uilding.
Maoshlar mintaqaga qarab sezilarli darajada farqlanadi. Eng ko‘p maosh oluvchilar Gessen (54 322 yevro), Gamburg (52 898 yevro) va Bavariya (52 680 yevro)da. Eng kam maosh oladigan ishchilar Saksoniya va Meklenburg-Vorpommern kabi sharqiy shtatlarda qolmoqda, ularning o‘rtacha daromadi 43 000 yevrodan kam.
Yirik shaharlar orasida Myunxen 58 540 yevro daromad bilan yetakchilik qilmoqda, Leypsig (44 359 yevro) va Rur viloyati shaharlari (Duysburg va Bohum) autsayder bo‘lib qolmoqda.
Daromadning o‘sishiga qaramay, xodimlarning ish haqidan qoniqish darajasi 57,98% dan 57,23% gacha kamaydi. Bunga sabab narxlarning ko‘tarilishi bo‘lib, Kununu'ga ko‘ra, bu ishchilarning 67 foizining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.