Germaniyaning Bonn shahri va uning atrofida Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tasvirlari tushirilgan saylov plakatlari paydo bo‘ldi. Ushbu bannerlarni kichik siyosiy tashkilot Die Partei («Partiya») chiqargan. Ular 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan bundestagga muddatidan avvalgi saylovlar kampaniyasi doirasida yanvar oyidan boshlab joylashtirila boshlandi.
Plakatlarda shunday yozuvlar bor:
«Germaniyaning eng kuchli ovozlari Yevropa uchun»
«Die Partei'ga ovoz bering – Yevropani havaskorlarga qoldirmaymiz!»
Ikkinchi jumlada «die Laien» so‘zi ishlatilgan bo‘lib, u «havaskorlar» degan ma’noni anglatadi. Shu bilan birga, bu so‘z shaklan Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayenning familiyasiga o‘xshash qilib buzib yozilgan.
Die Partei nima uchun Putin plakatlarini joylashtirdi?
Die Partei'ning Bonn bo‘limi DW nashriga tushuntirish berib, bu plakatlar ironiya va Olaf Shols siyosatiga tanqid ekanini bildirdi. Partiya vakillari Putinni haqoratli so‘z – «pastkash» deb atagan va uni «bosqinchilik urushini boshlashda» ayblagan.
Ularning fikricha, Shols olib borayotgan siyosat Putin foydasiga ishlamoqda, chunki Rossiya prezidenti Yevropa Ittifoqiga qarshi siyosat yuritmoqda. Die Partei bu plakatlar faqat Bonn shahrida joylashtirilganini, Germaniya bo‘ylab tarqatilmaganini ta’kidladi.
Die Partei saylovoldi kampaniyalarida keskin kinoya va hazil ishlatishi bilan mashhur. Joriy yildagi shiorlardan ba’zilari:
«Germaniyasiz Uchinchi Jahon urushi bo‘lmaydi!»
«Die Partei'ga ovoz bering, u juda yaxshi!»
Hozirda Die Partei Germaniya bundestagida ham, mamlakatning birorta yer parlamentida (landtag) ham vakillikka ega emas. Faqatgina 2020-2021 yillarda ushbu partiyaning yagona deputati Marko Byulov bundestagda faoliyat yuritgan. Biroq Die Partei Yevropa parlamentida ikki deputatga ega.