Germaniya janubida Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumi tufayli yuzaga kelgan mojaroda ukrainalik yuk mashina haydovchisi halok bo‘ldi. Bu haqda Bild xabar berdi.
Hodisa 9 noyabr kuni Oberrot aholi punkti yaqinidagi yuk mashinalari to‘xtash joyida sodir bo‘lgan. Kechqurun to‘rt haydovchi u yerda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Ruminiyalik 38 yoshli haydovchi Ionutga ko‘ra, u hamkasblaridan musiqani pasaytirishni so‘ragan, ammo ular quloq solmasdan, baland ovozda kulish va bahslashishni davom ettirgan.
Ionutning ta’kidlashicha, haydovchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik sababi Ukrainadagi urush va bunda Rossiyaning roli bo‘lgan. Soat sakkizdan keyin mojaro keskinlashib, mushtlashuvga aylanib ketgan. Oqibatda to‘rt erkak ishtirokidagi mojaroning eng yosh ishtirokchisi — 34 yoshli ukrainalik o‘ldirilgan.
35, 41 va 45 yoshli yana uch nafar haydovchi qamoqqa olingan. Bild ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan biri O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Hozirda huquq-tartibot organlari ukrainalikni kim o‘ldirganini aniqlamoqda.