Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, islohotlar uchun vaqt deyarli qolmagan. Ularga ko‘ra, Germaniya iqtisodiyoti bir necha yillardan beri inqiroz holatida bo‘lib, demografik vaziyat ham tobora yomonlashmoqda.
«Agar biz kelajak avlodlarni ortiqcha yuk bilan ta’minlamasdan ijtimoiy kafolatlar miqdorini saqlab qolmoqchi bo‘lsak, ko‘proq ishlashga majbur bo‘lamiz. Pensiya yoshi umr davomiyligiga bog‘liq holda belgilanishi kerak», — deyiladi hisobotda.
Ekspertlar bu masalada Daniya tajribasini misol qilib keltirishmoqda: u yerda 2006 yildan beri pensiya yoshi demografik ko‘rsatkichlarga qarab doimiy ravishda o‘zgartirib boriladi. 2040 yilga kelib u 70 yoshga, 2060 yilga kelib esa 73 yoshga yetishi mumkin.
Mazkur tashabbus Berlinda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi: yaqinda Iqtisodiyot vaziri Katarina Rayxe pensiya yoshini 70 yosh bilan cheklashni taklif qilgan edi — va buning o‘ziyoq jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.