Germaniyada muxolifatdagi “Germaniya uchun alternativa” partiyasining saylovchilar orasidagi qo‘llab-quvvatlash darajasi rekord ko‘rsatkich — 29 foizga yetdi.
Bild nashri ma’lumotiga ko‘ra, partiya 2025 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan beri 8 foizdan ortiq o‘sish qayd etgan. O‘sha vaqtda uning reytingi 20,8 foizni tashkil etgan edi.
Shu bilan birga, “Yashillar” partiyasi reytingi ham o‘sib, ikki yillik eng yuqori daraja — 14 foizga yetdi.
Boshqa siyosiy kuchlar esa qo‘llab-quvvatlashni yo‘qotmoqda. Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-sosial ittifoq bloki reytingi 22 foizga, Germaniya sosial-demokratik partiyasi 12 foizga, “So‘llar” partiyasi esa 10 foizga tushgan.
INSA sosiologiya instituti rahbari Hermann Binkertning ta’kidlashicha, agar bu tendensiya davom etsa, kelajakda Germaniyadagi asosiy siyosiy raqobat “Germaniya uchun alternativa” va “Yashillar” partiyasi o‘rtasida kechishi mumkin.
So‘rovnoma 11–15 may kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, unda 1203 nafar fuqaro ishtirok etgan.