Shimoliy Koreyaning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashi, shu jumladan Shimoliy Koreya askarlarining Kursk yaqinidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etishi «xavfli eskalasiya» bo‘lib, bu «jiddiy xavfsizlik oqibatlari»ga olib kelishi mumkin. Bu haqda Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida aytiladi.
Hujjatda aytilishicha, Pxenyanning Moskvaga ballistik raketalar va artilleriya snaryadlari yetkazib berishi, shuningdek, Rossiyaning Shimoliy Koreya askarlarini quroldan foydalanishni o‘rgatishi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyalarini buzadi.
Bundan tashqari, diplomatlar Kreml «Shimoliy Koreyaning noqonuniy qurol dasturlari», jumladan, ommaviy qirg‘in qurollari va logistika loyihalariga siyosiy, harbiy yoki iqtisodiy yordam berishi mumkinligidan chuqur xavotir bildirdi.