Germaniya Federal bosh prokuraturasi “Signal” messenjeri foydalanuvchilariga qaratilgan fishing hujumlari bilan bog‘liq josuslik gumoni yuzasidan jinoiy ish ochganini ma’lum qildi.
“Der Shpigel” nashri xabariga ko‘ra, hujumlar oqibatida deyarli barcha Bundestag fraksiyalari a’zolari, harbiy xizmatchilar, jurnalistlar va NATO xodimlari zarar ko‘rgan. Ma’lumot Germaniya rasmiylari tomonidan tasdiqlangan. Tergov fevral oyi o‘rtalarida boshlangan.
Shuningdek, hujumlar doirasida Germaniya ta’lim vaziri Karin Priyn va qurilish vaziri Verena Xubersning “Signal” akkauntlari buzib kirilgani aytilmoqda. Nashr bu holat hujumlar ko‘lamini yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidlaydi.
Avvalroq Bundestag raisi Yuliya Klyokner ham fishing hujumlarining ehtimoliy nishoni bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Germaniya kansleri Fridrix Mers rahbarligidagi Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) a’zolari ham “Signal”dagi guruh chatlar orqali muloqot qilgan.
Konstitusiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) bu holat yuzasidan kanslerga ma’lumot bergan, biroq hozircha tizimlarda aniq og‘ishlar yoki xavfli anomaliyalar tasdiqlanmagan.