Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, Germaniya qurol eksporti bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, dunyoda to‘rtinchi yirik eksportyorga aylandi. Bu haqda Stern nashri xabar berdi.
Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, 2021–2025 yillar oralig‘ida Germaniya qurol eksportining qariyb to‘rtdan bir qismi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Yana 17 foizi Polsha kabi boshqa Yevropa davlatlariga yetkazib berilgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, eksport o‘sishining asosiy omillari Ukrainadagi urush hamda Yevropa davlatlarining Rossiyaga qarshi mudofaa qobiliyatini kuchaytirish istagi bo‘lgan.
Tadqiqotchi Katarina Djokichning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa kompaniyalari qurol ishlab chiqarishni oshirgan bo‘lsa-da, Yevropa davlatlari 2021–2025 yillarda ham AQShdan qurol, xususan qiruvchi samolyotlar va uzoq masofali havo mudofaa tizimlarini import qilishda davom etgan.
Hisobotga ko‘ra, ushbu davrda AQSh jahon qurol eksportining 42 foizini ta’minlab, yetakchi o‘rinni saqlab qolgan. Shuningdek, so‘nggi yigirma yil ichida ilk bor AQSh qurol eksportining asosiy qismi Yaqin Sharqqa emas, balki Yevropaga to‘g‘ri kelgan.
Mutaxassislar fikricha, 2022 yilda keng ko‘lamli urushga aylangan Ukraina mojarosi Yevropa davlatlarining mudofaa siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada Yevropa mamlakatlari qurol ishlab chiqarish va xarid qilish hajmini keskin oshirdi hamda Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirdi.