Berlin Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri mamlakatdan 80 dan ortiq diplomatni chiqarib yubordi, deb xabar berdi Bild gazetasi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib. Diplomatik vakolatxona xodimlaridan tashqari, yana 313 nafar Rossiya fuqarosi ham mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
TIVning ma’lum qilishicha, diplomatik maqomga ega bo‘lgan va chiqarib yuborilgan rossiyaliklar razvedka bilan bog‘liq shaxslar sifatida ko‘rilgan. Ularning aksariyati diplomatik niqob ostida faoliyat yuritgan maxsus xizmat xodimlari bo‘lgan, deb yozadi Bild.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, diplomatlarning oxirgi marta chiqarib yuborilishi 2026 yilning yanvarida sodir bo‘lgan.