Bloomberg xabariga ko‘ra, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Turkiyani Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha hub sifatida foydalanish rejasini to‘xtatmoqda.
Ushbu loyiha Rossiya gazining Yevropa bozorlariga qayta kirishining bir yo‘li sifatida ko‘rilgan edi. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, kompaniya endilikda bu rejani amalga oshirib bo‘lmasligini tan olmoqda. Bunga sabab sifatida a) Turkiyaning cheklangan eksport quvvatlari; b) Anqaraning “Gazprom” bilan birgalikda gaz sotishga tayyor emasligi va d) Yevropa Ittifoqining 2027 yil oxirigacha Rossiya gazini import qilishni taqiqlash bo‘yicha taklifi ko‘rsatilmoqda.
Politico nashriga ko‘ra esa, Rossiya suyultirilgan tabiiy gazining Yevropadagi eng yirik importchilari bo‘lgan Fransiya va Belgiya iqtisodiy sabablarga ko‘ra hozircha bu taklifni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortmoqda.