G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflar allaqachon erishilgan kelishuvni buzishga qaratilgan.
Bu haqda Falastinning HAMAS harakati matbuot kotibi Hazim Qosim o‘zining "Telegram"dagi kanalida Isroil OAVlarida AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff Qatar poytaxti Dohada davom etayotgan muzokaralarda yangi taklif bilan chiqqani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, ma’lum qildi.
"Biz harbiy harakatlarni davom ettirmaslik, G‘azo sektoridan qo‘shinlarni olib chiqish, mintaqani tark etish va Filadelfiya koridoridan kuchlarni olib chiqishni boshlash va kelishuvni amalga oshirishning ikkinchi bosqichiga o‘tish majburiyatlarini o‘z ichiga olgan kelishuv shartlariga sodiq qolamiz", deb ta’kidladi Qosim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha o‘z gumanitar majburiyatlarini bajara olmadi. “Biz urushni qayta boshlashga intilmayapmiz, lekin agar ishg‘ol kuchlari (Isroil) hujumlarini davom ettirsa, xalqimizni himoya qilishdan boshqa choramiz qolmaydi”, deb qo‘shimcha qildi HAMAS vakili.
Avvalroq Isroil OAV Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff Dohada bo‘lib o‘tayotgan G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar doirasida yangi taklif bilan chiqqani haqida xabar bergan edi.