G‘azo sektori Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xon-Yunus shahrining g‘arbiy qismidagi Esda tumanida Isroil harbiy aviasiyasi tomonidan amalga oshirilgan hujum natijasida 3 nafar polisiya xodimi va 2 nafar tinch fuqaro halok bo‘ldi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, zarba polisiya patruliga qaratilgan bo‘lib, ushbu patrul o‘g‘irlik va Isroil bilan hamkorlikda gumon qilingan shaxslarni kuzatish bilan shug‘ullangan.
"Bugun (payshanba) kechqurun Xon-Yunus shahridagi Esda hududida polisiya bo‘limiga tegishli mashinaga Isroil samolyotlari tomonidan zarba berildi. Zarba natijasida uch nafar polisiyachi va ikki nafar fuqaro halok bo‘ldi", — deyiladi rasmiy bayonotda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, har kuni bo‘layotgan bombardimonlarga qaramay, G‘azo polisiyasi va xavfsizlik xizmatlari o‘z vazifalarini bajarishda davom etmoqda.
"Bu kabi hujumlar bizning irodamiz va qat’iyatimizni sindirmaydi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, IIV Isroil hukumatini G‘azoda tartibsizlik va besarusanlik keltirib chiqarish maqsadida ataylab huquq-tartibot organlarini nishonga olayotganlikda aybladi.
Vazirlikka ko‘ra, Isroil markaziy G‘azoda joylashgan Deyr el-Balax shahridagi bozorga ham zarba bergan. U yerda fuqarolar to‘plangan paytda bombardimon amalga oshirilgan va natijada 18 nafar falastinlik, jumladan xavfsizlik xodimlari ham halok bo‘lgan.
"Isroil okkupasiya kuchlari bozorda tartibni ta’minlayotgan polisiya va xavfsizlik xizmatlariga qarshi yangi qonli hujum amalga oshirdi. U paytda polisiya xodimlari fuqarolar mulkiga hujum qilgan o‘g‘irlik guruhlarini ushlash operasiyasini olib borayotgan edi", — deyiladi bayonotda.
Vazirlik, shuningdek, 2023 yil 7 oktyabridan buyon Isroil AQSh qo‘llab-quvvati bilan G‘azo sektorida ommaviy qotillik, majburiy ko‘chirish, vayronalik va ochlik siyosati yuritayotganini ta’kidladi. BMT Xalqaro sudi qarorlari va xalqaro hamjamiyatning chaqiriqlari Isroil tomonidan inkor etilayotgani ta’kidlandi.
Falastin rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon 188 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan yoki yaralangan, ularning ko‘pchiligi ayollar va bolalardir. Kamida 11 ming kishi bedarak yo‘qolgan, yuz minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Bolalar o‘rtasida ochlik tufayli halok bo‘lish holatlari ham qayd etilmoqda.