G‘azo hukumati ma’lum qilishicha, Isroilning ikki yildan beri davom etayotgan bombardimonlari natijasida G‘azo sektorida 20 mingga yaqin portlamagan o‘q-dorilar qolgan.
Hukumatning matbuot xizmati bayonotida qayd etilishicha, Isroil hujumlari ortidan mintaqada 65–70 million tonna vayrona paydo bo‘lgan. Bu vayronalar minglab uylar, binolar va infratuzilmaning to‘liq yoki qisman yo‘q qilinishi natijasida kelib chiqqan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, G‘azo hozirda “zamonaviy tarixdagi eng katta gumanitar falokat” bilan to‘qnash kelgan. Hududdagi portlamagan o‘q-dorilarni yo‘q qilish uchun maxsus mutaxassislar guruhlari va texnik jihozlar zarur, ammo Isroilning to‘siqlari sababli og‘ir texnika va mashinalar hududga kirolmayapti.
Isroil hukumati chegara o‘tish nuqtalarini yopib qo‘ygani bois, vayronalar ostida qolgan jasadlarni chiqarish va tiklash ishlari ham qiyin kechmoqda.
Otashkesim va asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuv
9 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qilishicha, Isroil va HAMAS G‘azo bo‘yicha otashkesim rejasining ilk bosqichiga kelishgan. Kelishuv Misrdagi muzokaralar natijasida imzolanib, Isroil hukumati roziligi bilan 10 oktyabr kuni kuchga kirgan.
Kelishuvga ko‘ra, Isroil armiyasi “Sariq chiziq” deb atalgan hududdan chekingach, o‘sha kuni soat 12:00 da G‘azo sektorida otashkesim amalga kirgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning ikki yillik hujumlari natijasida 67 967 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 170 179 kishi yaralangan.