Germaniya rasmiylari Amerikaning CNN telekompaniyasining Rossiya Ukraina uchun qurol ishlab chiqaradigan Germaniyaning Rheinmetall konserni rahbari Armin Pappergerga suiqasd uyushtirishga tayyorlanayotgani haqidagi xabarini na tasdiqladi, na inkor qildi.
Bu haqidagi savolga javoban Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Barbok Rossiya G‘arb davlatlariga qarshi gibrid urush olib borayotgani, jumladan, kiberhujumlar va infratuzilmaga qarshi sabotajga qo‘l urayotganini aytdi.
«Bu yana shuni ko‘rsatadiki, biz evropaliklar sifatida o‘zimizni iloji boricha himoya qilishimiz va sodda bo‘lmasligimiz kerak», - dedi u.
Germaniya ichki ishlar vazirining matbuot kotibi CNN xabariga izoh berishdan bosh tortdi, ammo shunday dedi: «Germaniya hukumati Rossiya rejimining tahdidlarini juda jiddiy qabul qiladi. Bizning xavfsizlik xizmatlarimiz juda hushyor».
Amerika va Germaniya razvedka xizmatlari Pappergerga suiqasdning oldini olishga muvaffaq bo‘lganligi haqidagi ma’lumotni payshanba kuni ikki nufuzli nashr - Amerikaning New York Times gazetasi va Britaniyaning Financial Times gazetasi ham tasdiqlagan.
Reuters agentligining eslatishicha, Rheinmetall Ukrainada o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavod ochish rejasini e’lon qilganidan ikki oy o‘tgach, Pappergerning uyiga hujum uyushtirilgan.