Do‘ppini boshdan olib, g‘ala-g‘ovur dunyoda yuz berayotgan voqealarni tahlil qiladigan bo‘lsangiz, insoniyatni axborotlar oqimi boshqarayotganining guvohi bo‘lasiz. Yoshlarni yo‘naltirayotgan ham, kimnidir dushmanga yoki do‘stga aylantirayotgan ham qaysidir ma’lumotlarning qandaydir ko‘rinishdagi aksining mahsuli. Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini bir oz bo‘lsa-da his qildik. Nazarimda, Uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan. Faqat bunda qurol – qalam, nishonlar esa odamlarning ongi va qalbi.
G‘alabaning 75 yilligi yaqinlashgani sari turli hududlardan murojaat qiluvchilarning soni ko‘paygan. Kimdir yaqinining suratini rassomga chizdirib yuborishga oshiqqan. Boshqasi jigargo‘shasining ordenu medallarini to‘plab, taqdim qilish harakatida. Yana biri ma’lumotlarni to‘plab, maqola qilish, televideniyega lavha tayyorlash tadorigiga tushgan.
Qashqadaryo viloyatida ham viloyat ahlining Ikkinchi jahon urushi davrida frontga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi muzey shaklidagi vatanparvarlik burchagi tashkil etildi. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, 1941 yil 22 iyun kuni fashistlar germaniyasining xoinlarcha bostirib kirgani haqidagi mash’um xabar Qashqadaryoda yashin tezligida tarqagan ekan, shahar va qishloq aholisi o‘zlarini frontga safarbar etilgan, deb bildilar. Yovuz dushmanlardan o‘lka tuprog‘ini himoya qilish xalqning nomusi, ori, vijdoniy burchi bo‘lib qoldi. Qarshi, Kitob, Shahrisabz, Koson, Yakkabog‘ kabi tumanlar markazi va Qarshi shahrida, jamoat va davlat xo‘jaliklari, sanoat korxonalari va maktablarda ko‘p ming kishilik mitinglar bo‘lib o‘tdi. Unda fashist bosqinchilariga la’natlar o‘qildi. Dushmanni tezroq tor-mor qilish yuzasidan tadbirlar belgilandi. Barcha qiyinchiliklarga qaramay viloyat dehqonlari ko‘proq oziq-ovqat yetkazib berish uchun barcha kuch-g‘ayratlarini sarf etdilar.
1941–1945 yillari viloyat aholisidan 47 007 nafar kishi urushga safarbar qilindi. Ular Leningrad va Stalingrad, Belarus va Ukraina yerlarini dushmandan ozod qilish janglarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatdilar. Ulardan 17 424 nafari ozodlik uchun o‘z jonini qurbon qildi. 9 521 nafari frontlarda bedarak yo‘qoldi. Dastlabki kunlaridanoq urushga otlanganlar orasida G‘uzor mashina traktor stansiyasida ishlagan Nikolay Koshelev, Qarshi shahar temir yo‘lida ishlagan Grigoriy Muxa, Qarshi shahrida bo‘yoqchi bo‘lib ishlagan Vasiliy Belov, Qarshi sanitar-epidemiya stansiyasida omborchi bo‘lib ishlagan Sergey Krivsov va boshqalar bor edi. Viloyatda juda ko‘plab xotin-qizlar ham ko‘ngilli bo‘lib frontga jo‘nashga azmi qaror qildilar. Ko‘ngillilar qatorida Qarshi shahrida Vera Nasirova kabi jasur ayollar ham bor edi.
Hamma tumanlardan mudofaa jamg‘armasiga mablag‘ to‘plash keng avj oldi. 1941–1945 yillar mobaynida Koson, Yakkabog‘ va Qarshi (Beshkent) tumanlaridan frontdagi jangchilariga oziq-ovqat, go‘sht, don mahsulotlari, qorako‘l terilari hamda quruq mevalar, Qarshi shahar, Kitob, G‘uzor, Shahrisabz tumanlaridan junli paypoqlar, issiq kiyim-kechaklar yuborilgan.
Bundan tashqari, 1941 yilda Qarshi shahrida mavjud bo‘lgan sanoat korxonalarida 746,9 ming rublga teng mahalliy mahsulotlar, 11 487,2 ming rublga teng sanoat kooperasiyasi mollari va ko‘rlar jamiyatida 2 385 ming rublga teng mahsulotlar ishlab chiqarilgan hamda front uchun safarbar etilgan.
1941 yilda Qashqadaryoda jami 48 ta sanoat tashkiloti bo‘lib, ularda 3 015 nafar ishchi ishlab, 27 783 ming rublga teng yalpi mahsulotlar ishlab chiqilgan. 1943 yilda Farhod GESi qurilishida 3 million kubometr tuproq chiqarish uchun Qashqadaryo viloyatidan qurilishga uch ming nafar odam yuborilgan. 1943 yil viloyat mahalliy sanoat korxonalarida 1 075 nafar ishchi ishlab, 4 483 ming rublga teng bo‘lgan 16 turdagi keng mahsulotlar ishlab chiqilgan.
Viloyatda birinchi ishlab chiqilgan sanoat mahsulotlaridan 35 ming rublga teng yog‘och mahsulotlarini, 42 mingta idish-tovoq materiallari, 120 ming temir buyumlari hamda 180 ming rublga teng bo‘lgan 491 mingta trikotaj buyumlari va 72 mingta charmdan ishlangan oyoq kiyimlari ishlab chiqarilib, frontga yuborilgan.
Qashqadaryo viloyati miqyosidagi jonbozliklar bilan tanishar ekanmiz, Chiroqchi tuprog‘ini changitib ulg‘aygan mayor Akbar Yormatov bilan Ikkinchi jahon urushiga doir ma’lumotlar, eksponatlar yig‘ilishi, ularning jamlanib muzey holiga keltirilishiga doir suhbatimiz adabiyotga ulandi.
- Viloyatda qilingan ishlar bilan batafsil tanishar ekanman, mening ham ko‘p narsalar yozgim keldi. Ayrim ta’sirli voqealarni qayd etib ham qo‘ydim. Imkon topilishi bilan Qulmon amakim (Ochilov) bilan maslahatlashib, bir asar yaratmoqchiman. Tarix bilan yuzlashib, millatimizning samimiyatiga, fidoyiligiga, himmatiga faqat tan berganman, – deydi u.
Ha, odamlar kechagi kunni unutgani yo‘q, qahramonlarni qalblarida ardoqlayapti. O‘tmishdan saboq chiqarib, bugunni mustahkamlash, kelajakka sarmoya kiritish ilinjida. Qilinayotgan sa’y-harakatlar yosh avlodlar yuragida aks sado berib, ularni Vatan ravnaqi yo‘lida ildamroq odimlashga undashiga shubha yo‘q.
Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, xalqimizning tomirida qoni gupillab urib turar ekan, tuprog‘ining gardini ham dushmanga ravo ko‘rmaydi. Shu kunlarda yurtdoshlarimizning ko‘z ilg‘amas virusga qarshi bir tanu bir jon bo‘lib kurashayotgani ham fikrimizning isboti bo‘lib turibdi.
Aziz NORQULOV,
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri