Deutsche Welle (DW) manbasining xabar berishicha, Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyati bo‘yicha maxsus tribunal 20 nafar Rossiya amaldorini javobgarlikka tortishni ko‘zda tutmoqda.
Manba aytishicha, aniq ro‘yxatni Kiyev tuzadi, biroq bu shaxslar shaxsiy emas, balki funksional, ya’ni lavozimlariga bog‘liq immunitetga ega ekanligi allaqachon ma’lum, ammo bu ularni himoya qilmaydi.
Nashr suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, gap Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini rejalashtirish, tayyorlash, boshlash va amalga oshirishda mas’ul bo‘lgan yuqori martabali siyosiy va harbiy rahbarlar haqida bormoqda.
Dastlab, maxsus tribunal mamlakatning oliy mansabdor shaxslariga: Rossiya prezidenti Vladimir Putin, bosh vazir Mixail Mishustin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga nisbatan qo‘llanilishi ma’lum qilingan edi. Biroq, ular o‘z lavozimlarini tark etmaguncha sudlanmaydi. Shunga qaramay, bu ularga qarshi tergov olib borishga to‘sqinlik qilmaydi va tergov natijasida ayblov xulosasi tayyorlanadi. Tribunal tashkil etilishiga yaqin bo‘lgan boshqa manbaning aytishicha, sud daxlsizlik bekor qilinganidan so‘ng ayblov e’lon qilishi va qamoqqa olish orderini chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, Putin, Mishustin va Lavrovga nisbatan sud jarayoni sirtdan o‘tkazilishi ehtimoli mavjud.