Og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempionlari Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi jangga chiptalar sotuv boshlanganidan keyin qisqa vaqt ichida tugadi. Source of Boxing nashri ma’lumotiga ko‘ra, barcha chiptalar 40 daqiqada sotilgan.
Jangni bevosita tomosha qilish istagida bo‘lgan 500 mingdan ortiq muxlis onlayn navbatga turgan. Chiptalar narxi 120 dollardan 17 ming dollargacha bo‘lgan.
Saudiya Arabistoni ko‘ngilochar tadbirlar boshqarmasi rahbari Turkiy ash-Shayxning bildirishicha, chipta xarid qilish uchun navbat kutayotganlar soni 700 mingga yaqinlashgan. Ularning 500 mingdan ortig‘i Ticketmaster platformasida, yana 170 ming nafari stadionning rasmiy saytida ro‘yxatga olingan.
Eslatib o‘tamiz, ikki britaniyalik bokschi o‘rtasidagi kutilgan to‘qnashuv 11 dekabr kuni Uelsning Kardiff shahridagi «Prinsipaliti» stadionida bo‘lib o‘tadi.