FIFA va Xalqaro futbol assosiasiyalari kengashi (IFAB) irqchilikka qarshi kurashish maqsadida o‘yinchi raqibiga murojaat qilganda og‘zini yopib olishini taqiqlovchi “Vinisius qonuni”ni tasdiqlashga kelishib oldi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Bunday qaror qabul qilinishiga UYEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi o‘yinda “Benfika” hujumchisi Janluka Prestianni va “Real” vingeri Vinisius Junior o‘rtasida yuz bergan voqea sabab bo‘ldi.
Bugun, 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan FIFA qoidalarini belgilab beruvchi xalqaro organ hisoblangan tashkilotning (IFAB) yillik assambleyasida futbolchilarga raqib bilan gaplashayotganda og‘zini yopish uchun futbolka yoki har qanday boshqa buyumlardan, jumladan, qo‘llardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qilingan. Ushbu tashabbus 2026 yil yozda AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati boshlanishidan avval rasman ma’qullanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, UYEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichining “Benfika”ga qarshi dastlabki o‘yinida Vinisius 50-daqiqada gol urgan va shundan so‘ng burchak bayrog‘i yonida raqsga tushib golni nishonlagan edi. Bu Lissabon jamoasi muxlislariga yoqmagan. Hujumchi ushbu nishonlashdan so‘ng sariq kartochka bilan jazolangan.
Keyinchalik Vinisius uchrashuv bosh hakami Fransua Leteksye oldiga yugurib borib, avvalroq to‘qnashuv kelib chiqqan yarim himoyachi Janluka Prestianni tomonni ko‘rsatgan. Shundan so‘ng hakam irqchilik ehtimoli borligini bildiruvchi ishorani ko‘rsatgan.
Keyinchalik UYEFA “Real Madrid” vingerini irqiy kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilganlikda gumonlab, argentinalik yarim himoyachini vaqtincha diskvalifikasiya qildi. Vinisius, shuningdek, Madridda kechgan javob bahsida ham gol kiritdi va ushbu xatti-harakatni yana bir bor takrorladi.