Bugun 16 fevral, 2026 yil, dushanba

КИР

Freestyle Chess: Nodirbek Abdusattorov JChda 3-o‘rinni egalladi

Freestyle Chess: Nodirbek Abdusattorov JChda 3-o‘rinni egalladi

Germaniyaning Vayzenxaus kurortida shaxmat bo‘yicha nufuzli Freestyle Chess Jahon chempionati yakuniga yetdi. Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rinni egalladi, Javohir Sindorov esa 7-o‘rin uchun bahsda Levon Aronyanga mag‘lub bo‘ldi.

Saralash bosqichi

13 fevral kuni 8 nafar shaxmatchi aylanma tizimida 7 ta o‘yin o‘tkazishdi va yuqori to‘rtlikka egallagan sportchilar chempionlik uchun, quyi to‘rtlikni band etgan grossmeyterlar esa 5-8-o‘rinlar uchun kurashadigan bo‘lishdi. Abdusattorov saralash 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Sindarov 7-pog‘onada qoldi.

Yarim final

Nodirbek yarim finalda Magnus Karlsenga qarshi 4 ta partiya o‘tkazdi. Dastlabki 2 ta o‘yinda durang qayd etilgan bo‘lsa, uchinchi va to‘rtinchi bahslarda norvegiyalik shaxmatchi g‘alaba qozondi.

Sindarov esa Arjun Erigaisiga qarshi o‘yinda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

3-o‘rin uchun bahs: Abdusattorov va Keymer qarama-qarshiligi

Yarim finalda Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergan Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rin uchun germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi bahs olib bordi va 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, turnirni 3-o‘rinda yakunladi va 40 000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘ga kiritdi.

Chempionlik uchun hal qiluvchi bahsda Magnus Karlsen va Fabiano Karuana o‘zaro to‘qnash keldi va unda dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi 2,5:1,5 hisobida g‘alabaga erishdi. Karlsen shu tariqa faoliyatida 21-marta turli yo‘nalishlardagi Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

7-o‘rin uchun bahs: Sindorov Levon Aronyanga qarshi

Javohir Sindorov musobaqani 7-o‘rinda yakunlash uchun amerikalik Levon Aronyanga qarshi dona surdi. Ikkita partiyadan so‘ng, Aronyan va Sindorov bittadan g‘alaba qayd etdi. Armagedon (shaxmatdagi penaltilar seriyasi) bahsida esa amerikalik grossmeyster g‘alaba qozondi va fristayl shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida 7-o‘rinni egalladi. Sindorov esa turnrirni 8-o‘rinda yakunladi va 10 000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ldi.

2026 yilda shaxmat olamida yangi sahifa ochildi. FIDE Freestyle Chess (Fisher shaxmati) yo‘nalishi bo‘yicha ilk rasmiy Jahon chempionati o‘tkazildi. Musobaqa Xalqaro shaxmat federasiyasi (FIDE) va Freestyle Chess Operations tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Turnir 2019 va 2022 yillarda o‘tkazilgan FIDE Chess960 Jahon chempionatlari formatining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSh dollarini tashkil etadi. FIDE Freestyle Chess Jahon chempioni Magnus Karlsen esa 100 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofotga ega bo‘ldi.

Kiritildi: Bugun 11:06. O'qildi: 240 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!