Fransiyalik Romen Vandendorp muz solingan idishda turish bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatdi. U 2 soat 35 daqiqa 33 soniya chidab turishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “La Voix du Nord” gazetasi xabar qilmoqda.
Parchalangan muzga tushish maxsus shaffof konteynerda bo‘lib o‘tdi. U yerdagi harorat minus 18 daraja sovuq tashkil etgan. Bu jarayonni Ginnessning rekordlar kitobi vakillari kuzatgan.
Nashrning yozishicha, Romen Vandendorp “o‘z fiziologiyasi chegaralarini kengaytirish uchun” ikki yil mobaynida mashq qilgan.
“Sirtdan qarshingizda muz bo‘laklariga to‘la quttidagi oddiy yigit bo‘lib ko‘rinadi, lekin, sizni ishontirib aytamanki, ichimda ko‘plab narsalar ro‘y bermoqda. Birinchi soatda hammasini nazorat qilgan bo‘lsam, qolgan vaqtni titroqni yengish uchun diqqatni saqlashga to‘g‘ri keldi”, - deya fikrlari bilan o‘rtoqlashdi fransuz.
U rekordini saratondan aziyat chekayotgan bolalarga bag‘ishladi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, uning otasi va Ogyustin ismli 4 yoshli qizaloq shu kasallik tufayli vafot etgan.
Ginnessning rekordlar kitobidagi qaydlarga ko‘ra, avvalgi rekordni xitoylik Szin Sunchao 2014 yil 4 sentyabrda o‘rnatgan. O‘shanda u bo‘yniga muzga ko‘milgan holda 1 soatu 53 daqiqa turgan.