Fransiyada Luvr muzeyi chiptalari bilan firibgarlik qilganlikda ayblanib 9 kishi hibsga olindi, yetkazilgan zarar 10 million yevroga baholanmoqda — Reuters.
Agentlikning Parij prokuraturasiga tayanib xabar berishicha, hibsga olinganlar orasida muzeyning ikki xodimi, bir necha ekskursovod va jinoiy guruhning tashkilotchisi hisoblangan shaxs bor.
Tergov 2024 yil dekabr oyida boshlangan. Bunga muzey xodimlari ikki xitoylik ekskursovodning bir martalik chiptalarni qayta-qayta ishlatib, xitoylik turistlar guruhlarini muzeyga olib kirayotgani bilan bog‘liq gumonlar sabab bo‘lgan.
Bir yil o‘tib, polisiya uyushgan jinoiy tarmoqni aniqladi. Bu tarmoqning ishtirokchilari so‘nggi o‘n yil ichida kuniga kamida 20 ta turistlar guruhini Luvrga olib kirgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Hibsga olingan muzey xodimlari esa muayyan pul evaziga bu ishga e’tibor bermasdan, chiptalarni tekshirmagani taxmin qilinmoqda.