Fransiya pochta xizmati La Poste kompaniyasiga tegishli Maileva platformasiga uyushtirilgan kiberhujum natijasida qariyb 22 million kishining shaxsiy ma’lumotlari xakerlar qo‘liga o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Agence France-Presse (AFP) axborot agentligi xabar berishicha, kiberhujum sentyabr oyining o‘rtalarida sodir bo‘lgan.
Hujumchilar Maileva platformasi orqali xat-xabarlar yuborilgan shaxslarning ismlari va pochta manzillariga ega bo‘lgan.
Ushbu xizmatdan qariyb 70 ming nafar mijoz foydalanadi. 2024 yilda platforma orqali 180 millionta hujjat yuborilgan.
La Poste kompaniyasi hodisa haqida Fransiyaning Axborot texnologiyalari va fuqarolik erkinliklari bo‘yicha milliy komissiyasi (CNIL)ni xabardor qilganini, shuningdek, prokuraturaga ariza kiritganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, pochta xizmati ma’lumotlar tarqalishidan zarar ko‘rgan barcha kompaniyalarni ham sodir bo‘lgan hodisa haqida xabardor qilgan.