Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne bo‘lajak Olimpiada o‘yinlarida Isroil delegasiyasining xavfsizligi kafolatlanishiga ishontirdi
“Men ushbu Olimpiya o‘yinlariga keladigan Isroil delegasiyasiga Fransiya nomidan "xush kelibsiz" demoqchiman. Bir necha soat oldin isroillik hamkasbim bilan telefon orqali gaplashdim. Unga biz Isroil delegasiyasi xavfsizligini ta’minlaymiz, deya kafolat berdim”, dedi Sejurne Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashining yig‘ilishida.
O‘z navbatida, Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen France 2 telekanali orqali qilgan chiqishida “Isroil delegasiyasi Fransiya polisiyasi tomonidan kuniga 24 soat to‘liq himoya qilinadi”, dedi.
U Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi keskinlik sharoitida bunday chora muhimligini ta’kidladi.
“Biz har bir jamoani, shu jumladan, har bir shaxsni himoya qilamiz”, deya qo‘shimcha qildi Darmanen.