Fransiya maxsus xizmatlari meni Moldova hukumatiga yordam berishga ham majburlashga urinishgan, dedi Pavel Durov.
Telegram asoschisining ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, Fransiyada bo‘lgan davrida unga ushbu mamlakat maxsus xizmatlari murojaat qilib, sud jarayonida yordam evaziga Moldovadagi muxolifat Telegram kanallarini senzura qilishni so‘ragan.
"Bu bir necha sababga ko‘ra qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir. Agar maxsus xizmatlar haqiqatan sudga murojaat qilgan bo‘lsa, bu sud jarayoniga aralashishga urinish hisoblanadi. Agar yo‘q bo‘lsa, unda ular mening Fransiyadagi huquqiy holatimdan Sharqiy Yevropadagi siyosiy jarayonlarga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanishga uringan bo‘ladi. Bunday sxemani biz Ruminiyada ham kuzatganmiz", — dedi Durov.
"Fransiya va Moldova hukumatlari tomonidan berilgan ro‘yxatdagi kanallarni tekshirganimizdan so‘ng, biz Telegram qoidalarini buzgan bir nechta kanallarni aniqladik va ularni o‘chirdik. Tez orada Telegram jamoasi “muammoli” deb atalgan Moldova kanallarining ikkinchi ro‘yxatini oldi. Birinchisidan farqli o‘laroq, bu kanallarning deyarli barchasining faoliyati qonuniy bo‘lib, qoidalarimizga butunlay mos kelardi. Ularning yagona umumiy belgisi Fransiya va Moldova hukumatlariga yoqmaydigan siyosiy pozisiyalarni ifoda etish edi. Biz bu talabni (kanallarni bloklashni) bajarishni rad etdik", — deya qo‘shimcha qildi Telegram asoschisi.