Fransiya sport vaziri Marina Ferrari 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilish ehtimoli haqidagi savollarga javob berdi.
Eslatib o‘tamiz, bo‘lajak mundial AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadi.
"Hozirgi bosqichda vazirligimiz tomonidan ushbu yirik musobaqani boykot qilish istagi yo‘q. Albatta, kelajakda nimalar bo‘lishini oldindan ayta olmayman. Men sport va musobaqalarni siyosatdan ajratish tarafdoriman. Lekin ayrim siyosiy bloklar tomonidan boykot borasida yangrayotgan fikrlarni eshitdim. Jahon chempionati — barcha sportsevarlar uchun juda muhim voqea", — dedi Ferrari RMC Sport nashriga bergan intervyusida.
Avvalroq, Yevropaning bir qator terma jamoalari JCH-2026 ni boykot qilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunga Yevropa Ittifoqi rahbariyati va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi siyosiy ziddiyat sabab bo‘lmoqda. Xususan, Trampning Daniyaga tegishli bo‘lgan Grenlandiya orolini AQShga qo‘shib olish niyatini e’lon qilishi vaziyatni keskinlashtirib yuborgan.