Shanba kuni Fransiya bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlarida qariyb 106 ming kishi ishtirok etdi. Ularning 24 ming nafari Parij shahrida to‘plangan.
Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma’lumotida qayd etilgan.
Shu bilan birga, yoshlar kasaba uyushmalari namoyish ishtirokchilari sonini 200 ming nafar deb baholamoqda.
Namoyishlar davomida bir qator shaharlarda to‘qnashuvlar yuz berdi. Lion shahrida aksiya ishtirokchilari chiqindi konteynerlariga o‘t qo‘ygan va jamoat transporti bekatiga zarar yetkazgan. Prefektura ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda qariyb 8 ming kishi yig‘ilgan bo‘lsa, Solidaires kasaba uyushmasi ishtirokchilar sonini 15 ming nafar deb ma’lum qilgan. Kechga borib, Giyoter hududida polisiya bilan to‘qnashuvlar davom etgan.
Nant shahrida ruxsat etilmagan namoyishni tarqatish uchun polisiya suv purkovchi maxsus texnikalardan foydalangan. Atlantika Luar departamenti prefekturasi ma’lumotlariga ko‘ra, kechga borib 29 kishi qo‘lga olingan.
Parijda namoyishning asosiy qismi tinch o‘tgan. Biroq aksiya yakunida Nasyon maydoni hududida qora kiyimdagi guruhlar bilan polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari shovqinli granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Poytaxtda qariyb 22 kishi hibsga olingan.
Fransiya poytaxtida «Vatanparvarlar» partiyasi yetakchisi Florian Filippo tomonidan tashkil etilgan aksiya ishtirokchilari prezident Emmanuel Makronning iste’foga chiqishini hamda Fransiyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini talab qilgan.
Filippo o‘z nutqi davomida Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini ham yirtib tashlagan.