Bugun 22 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

Forish festivali armiya va yoshlarni birlashtirdi

Forish festivali armiya va yoshlarni birlashtirdi

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan «Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni!» shiori ostidagi noan’anaviy vatanparvarlik festivali “Forish” tog‘ poligonida yoshlarni bir joyga jamladi.

Avtobuslar karvonidan birin-ketin tushayotgan bu yigit-qizlarning aksari «Forish» tog‘ dala-o‘quv maydoniga ilk bor kelgan bo‘lsa, ajab emas.

Tashabbuskorlari Markaziy harbiy okrug va Jizzax viloyati hokimligi bo‘lgan ushbu keng masshtabli tadbirga Jizzax garnizoni, viloyat mudofaa ishlari, xalq ta’limi, madaniyat hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi ham bosh qo‘shdi.

Vatanparvarlik festivalining tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev va Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Aybek Saidov harbiy xizmat muqaddas burch, yuksak sharaf ekanini ta’kidlab, yoshlarni Vatan himoyasiga ruhlantiruvchi iliq fikrlar bildirdi.

Viloyat musiqali drama teatri jamoasining Jaloliddin Manguberdi monologi yuzasidan sahnali ko‘rinishi, Jizzax va Samarqand garnizoni harbiy orkestrlarining badiiy-musiqiy chiqishlarida shonli o‘tmishimiz bugunga bog‘landi, go‘yo. Yurt posbonlarining qo‘l jangi usullari bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlari tank biatloni namoyishiga ulanib ketdi. Shuningdek, jangovar texnika va qurol-aslahalar, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘rgazmasi o‘quvchi yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, o‘quvchilar, uyushmagan yoshlardan iborat mehmonlar xalq o‘yinlari bo‘yicha bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, milliy kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, kamondan o‘q otish, qo‘l jangi, bilak kuchini sinash musobaqalari chinakamiga aylanib ketdi. Ko‘ngilli va ishqiboz chavandozlar uloq ko‘pkari, ot choptirish o‘yinlarida sovrin uchun kurashdi. Qolaversa, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish jangi shinavandalari ham tadbirdan chetda qolmadi.

Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti avto-motokross poygasi pavilyonida avtomobil texnikalari, kord va pult bilan boshqariladigan samolyotlar namoyish etildi. Kinologiya va kavaleriya qo‘shinlari chiqishlari festival ishtirokchilarining tasavvurini jonlantirdi. Harbiylar va ovchilar o‘rtasidagi merganlik musobaqasi ayniqsa qizg‘in tus oldi.

O‘zbek milliy raqs, maqom san’ati ustalarining diltortar chiqishlarini askiyachilar va mohir dorbozlar davom ettirdi. Turli sport federasiyalarining sport musobaqalari, milliy cholg‘u asboblari ijrosi, «Vatan haqidagi eng yaxshi she’r» tanlovi festivalga yakun yasadi.

G‘oliblar sovg‘ali bo‘ldi. Forish festivalida ishtirokning o‘zi hech bir sovg‘adan kam bo‘lmadi.

 

Kiritildi: 18:07 08.01.2020. O'qildi: 3090 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!