O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb 29 oktyabr kuni rasmiy tashrif mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, kimyo, energetika, raqamlashtirish, tog‘-kon sanoati va boshqa innovasion tarmoqlarda kooperasiyani yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mehnat migrasiyasi, madaniyat, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi.