Fiji hukumati mamlakatda OIV tarqalishi keskin ortib borayotgani sababli milliy inqiroz e’lon qildi. 2025 yilda 2 ming 16 ta yangi OIV holati aniqlangan bo‘lib, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 27 foizga ko‘p.
Qayd etilishicha, Fijida OIV bilan yashayotganlar soni 9 ming 100 nafarga yetgan. Ularning atigi 39 foizi o‘z infeksiya holatidan xabardor, 22 foizi esa antiretrovirus davolashni olmoqda.
2025 yilda OIV oqibatida 117 kishi vafot etgan. Ular orasida bir yoshga to‘lmagan 18 nafar chaqaloq ham bor. Shuningdek, o‘tgan yili Fijida OIV bilan 59 nafar chaqaloq tug‘ilgan.
BMTning OIV/OITS bo‘yicha Birlashgan dasturi (UNAIDS) ma’lumotlariga ko‘ra, yangi holatlarning yarmidan ko‘pi jinsiy yo‘l orqali yuqish bilan bog‘liq. 42 foizdan ortiq holat esa giyohvand moddalarni in’eksiya orqali qabul qilishda bir shprisdan foydalanish bilan bog‘liq.
Fiji hukumati epidemiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirmoqda. Mamlakat bo‘ylab bepul va maxfiy OIV testlarini o‘tkazish, profilaktika hamda davolash vositalariga kirish imkoniyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, Fijida yangi OIV yuqtirish holatlari 2010–2025 yillar oralig‘ida 12 barobar oshgan. Ayni paytda mamlakatda har 60 nafar katta yoshli aholidan bir nafari OIV bilan yashamoqda.