Bugun 22 mart, 2026 yil, yakshanba

КИР

FIFA Nigeriyaning e’tirozini rad etdi. Kongo DR O‘zbekiston bilan bir guruhdan o‘rin olish uchun kurashadi

FIFA Nigeriyaning e’tirozini rad etdi. Kongo DR O‘zbekiston bilan bir guruhdan o‘rin olish uchun kurashadi

FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining Afrika mintaqasi saralash pley-off bosqichida Kongo DR terma jamoasi safida maydonga tushgan bir qator futbolchilarning o‘ynash huquqi bo‘yicha Nigeriyaning e’tirozini rad etdi. Bu haqda Nigeriya futbol federasiyasi (NFF) ma’lum qildi.

Tashkilot zudlik bilan apellyasiya jarayonini boshlaganini ta’kidladi.

"Biz FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining shikoyatimiz bo‘yicha chiqargan qarorini oldik, ammo shikoyatimizni rad etgan bu qarordan qoniqmadik", — deyiladi NFF bosh kotibi Muhammad Sanusining bayonotida. "Nigeriyaliklarni ishontirib aytmoqchimanki, federasiya zudlik bilan ushbu qaror ustidan shikoyat qilish jarayonini boshladi».

Endilikda ushbu apellyasiya Sport arbitraj sudiga (CAS) yuborilishi kutilmoqda, biroq shikoyat jarayoni 26 mart kuni boshlanadigan qit’alararo pley-off o‘yinlariga qadar yakunlanishi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Kongo DR 31 mart kuni AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun mazkur bosqichda maydonga tushishi rejalashtirilgan.

Kongo DR tomoni bu qaror yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi.

NFF 16 noyabr kuni Marokashning Rabot shahridagi "Shahzoda Mulay Al-Hasan" stadionida bo‘lib o‘tgan KAF Jahon chempionati saralashining pley-off finalida Kongo DR Nigeriyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida (asosiy va qo‘shimcha vaqtda 1:1) mag‘lub etganidan bir necha kun o‘tib FIFAga norozilik bildirgan edi. Ushbu natija Kongo DR terma jamoasini qit’alararo pley-off bosqichiga olib chiqqandi.

Nigeriyaning shikoyatiga (unga Kamerun ham alohida petisiya bilan qo‘shilgan) ko‘ra, saralash bosqichida Kongo DR safida harakat qilgan olti nafardan to‘qqiz nafargacha bo‘lgan futbolchilar o‘z sport fuqaroligini noto‘g‘ri o‘zgartirishgan. NFFning ta’kidlashicha, bu o‘yinchilar qo‘sh fuqarolikni tan olmaydigan Kongo qonunchiligi talab qilganidek, Yevropa pasportlaridan voz kechishmagan.

"Kongo qonunlariga ko‘ra, qo‘sh fuqarolikka ega bo‘lish mumkin emas", — degan edi o‘shanda Sanusi jurnalistlarga. "Ularning ko‘pchiligida Yevropa, xususan, Fransiya yoki Niderlandiya pasportlari bor. Qoidalar esa juda aniq belgilab qo‘yilgan".

Biroq FIFAning o‘z qoidalari Kongoning ichki qonunchiligidan farq qiladi. FIFA futbolchidan faqat o‘zi o‘ynayotgan mamlakatning haqiqiy pasportiga ega bo‘lishini talab qiladi, bahsga sabab bo‘lgan barcha futbolchilar esa haqiqiy Kongo pasportlariga ega bo‘lib, bu mezonga to‘liq javob berishgan. Aynan shu asosda FIFA dastlab ularga maydonga tushishga ruxsat bergan edi.

Shunga qaramay, tashkilot FIFAga ushbu ruxsatnomalarni berishda yolg‘on ma’lumot berilgan deb hisoblamoqda.

"FIFA qoidalariga ko‘ra, agar sizda o‘z mamlakatingiz pasporti bo‘lsa, siz o‘ynash huquqiga egasiz. Bizning tushunishimizcha ham ular bu huquqqa ega, shuning uchun FIFA ularga ruxsat bergan", — dedi Sanusi. "Lekin bizning da’vomiz shuki, FIFA ularga ruxsat berish jarayonida aldangan, chunki Kongo qonun-qoidalariga rioya etilishini ta’minlash FIFAning majburiyatiga kirmaydi".

Qur’a natijalariga ko‘ra, Kongo DR qit’alararo pley-offda Yangi Kaledoniya va Yamayka o‘rtasidagi yarim final g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs g‘olibi Jahon chempionatining so‘nggi yo‘llanmalaridan birini qo‘lga kiritadi hamda Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy oladi.

Kiritildi: 22:33 21.03.2026. O'qildi: 312 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!