Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) 8 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘ida bayonot e’lon qilib, xavfsizlik va turnirlarni qisman xususiylashtirish rejasi atrofidagi janjal fonida ba’zi shaxslar tomonidan tashkilot prezidenti Janni Infantinoning obro‘siga putur yetkazishga bo‘lgan urinishlarni qoraladi. Ushbu reja hozirda to‘xtatib qo‘yilgan.
Xabarda, shuningdek, muxoliflarning "ayblovlar, sha’malar yoki dezinformasiya" orqali maqsadga erishishga urinayotgani aytiladi va Infantino haqidagi nashrlardagi "tasdiqlanmagan da’volar va ochiqdan-ochiq yolg‘on bayonotlar" eslatib o‘tiladi.
Bir kun avval Buyuk Britaniyaning The Telegraph gazetasi Infantino o‘z ta’siridan foydalanib, o‘zi bilan yaqin munosabatda bo‘lgan UEFA xodimalaridan birining lavozimini oshirishga yordam bergani, u ishdan bo‘shatilganda esa yiliga 53 ming yevrolik MVA biznes-maktabida o‘qish to‘lovidan tashqari "olti xonali summada" kompensasiya olgani haqida yozgan edi.
Avvalroq FIFA Infantinoning Jahon chempionati va boshqa turnirlardagi ulushlarni xususiy investorlarga, jumladan, Tramp kuyovining qarindoshlariga sotish bo‘yicha tanqidlarga sabab bo‘lgan rejasi uchun uzr so‘ragan edi.
Biroq Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlariga boykotni saqlab qolishini, jumladan, "FIFA prezidentiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotganini" ma’lum qildi.