Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) tashkilot prezidenti Janni Infantino Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UYEFA) bosh kotibi bo‘lib ishlagan davrida sobiq mahbubasiga kompensasiya to‘lanishini ta’minlagani haqidagi ayblovlar ortidan rasmiy bayonot berdi.
«FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu ayblovlarni to‘liq rad etadi, ular haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ustav yoki nizomlar buzilgani haqidagi har qanday taxminlar tuhmat hisoblanadi.
Infantinoning xatti-harakatlari bilan bog‘liq hech qanday hodisa bo‘lmagani sababli, UYEFA yoki FIFAning biror bir xodimi hech qachon unga nisbatan shikoyat bilan murojaat qilmagan. Barcha kadrlarga oid qarorlar, jumladan, ishdan bo‘shatish va ishdan ketish nafaqasini to‘lash masalalari vakolatli rahbarlar tomonidan amaldagi qoidalarga qat’iy muvofiq ravishda tasdiqlangan», — deyiladi FIFA bayonotida.
Avvalroq OAVda Infantino UYEFAda ishlagan davrida o‘z mahbubasini lavozimga ko‘targani va unga ishdan ketish nafaqasi to‘lanishini ta’minlagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Infantino UYEFAda 2000 yil avgustidan faoliyat yuritgan. U 2009–2016 yillarda tashkilot bosh kotibi lavozimida ishlagan. 2016 yil fevral oyida esa Xalqaro futbol federasiyasi prezidenti etib saylangan.