Hindistonda o‘tgan shaxmat bo‘yicha FIDE Jahon kubogida g‘alaba qozongan hamyurtimiz Javohir Sindorov poytaxtimizga qaytib keldi. Grossmeysterimizni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi Sport vazirligi, MOQ, Yoshlar ishlari agentligi va mamlakat shaxmat federasiyasi rahbariyati, katta sport jamoatchiligi tantanali kutib oldi.
Rasmiylar Javohirning yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz shaxmat maktabining nufuzi va xalqaro maydondagi o‘rnini yanada yuksaltirganini ta’kidlab, unga jahon toji uchun kechadigan turnirda ham omad tilashdi.
Shuningdek, Bosh vazir Javohir Sindorovni "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi" faxriy unvoni bilan taqdirlash haqidagi Prezident Farmonini o‘qib eshittirdi. Tadbir davomida shaxmatchimizga Prezident sovg‘asi – 3 xonali uy va pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
O‘z navbatida, Sindorov kelgusida ushbu natija bilan to‘xtab qolmay, yangi marralarni zabt etishga bel bog‘laganini ta’kidladi.